O’ZBEKISTONDA GENDER TENGLIGI MASALASI

Mamlakatimizda so’ngi yillarda gender tenglik masalasiga  ulkan ahamiyat berilmoqda. Gender tenglik Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan alohida e’tibor qaratilayotgan va qo’llab-quvvatlash zarurligi e’tirof etilayotgan muhim masalalardan biri hisoblanadi. 

XX – XXI asrlarda jamiyatning dolzarb muammolaridan biri sifatida gender tenglik masalalarini qayta ko’rib chiqish va uni amaliy o’zgartirish masalalari katta o’rin egallagan.  Ushbu o’zgarishlarning asosiy yo’nalishi ayollarning mehnat va ijtimoiy faoliyatning turli sohalarida tutgan o’rni va roliga yangicha qarashda, har ikkala jins vakillarining motivlari, manfaatlari, pozitsiyalari va faoliyatining uyg’unligi g’oyasidadir.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev davlat rahbari sifatida faoliyatining ilk kunlaridanoq asosiy e’tiborni  ayollar va oila muammolariga qaratib kelmoqda. Natijada o’tgan davrda gender tenglikni ta’minlash va ayollarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilashga doir bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Gender siyosati muammolari, gender tadqiqotlari, ayniqsa, “Ayollar muammosi” bilan bogʻliq masalalar rasmiy darajada davlat siyosatining ustuvor masalalari qatoriga kiritilgan. Xotin-qizlarning mavqeyini oshirish, ayniqsa, ularning huquqlarini qonuniy hujjatlari orqali himoya qilish va kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 aprelda qabul qilingan “Og’ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo’lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to’liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori shular jumlasidandir. Ushbu qaror mohiyatan inson huquqlarini himoya qilish, ayollarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo’llab-quvvatlash, umuman, jamiyatimizda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan, desak, mubolag’a bo’lmaydi.

O’z navbatida, 2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan  “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to’g’risida”gi qonuni xotin-qizlarning jamiyatdagi o’rniga huquqiy kafolat hisoblanadi. Mazkur Qonun davlatimiz rahbarining 2019 yil 7 martda qabul qilingan “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo’llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to’g’risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

Ushbu normativ-huquqiy hujjatlar jahon tajribasidan kelib chiqqan holda qabul qilinganligi e’tiborli.

Xususan, 1948 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ayollar va erkaklarning tengligi alohida e’tirof etilgan. Deklaratsiyaning 1-moddasida belgilanganidek, “Hamma odamlar o’z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo’lib tug’iladilar. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin bir-birlariga nisbatan birodarlik ruhida munosabatda bo’lishlari kerak”.

BMT tomonidan 1966 yilda qabul qilingan yana bir xalqaro-huquqiy hujjat – Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risidagi xalqaro paktning 3-moddasida ta’kidlanganidek, “Mazkur paktda ishtirok etuvchi davlatlar erkaklar va ayollar uchun ushbu Paktda ko’rib chiqilgan barcha fuqarolik va siyosiy huquqlardan bir xilda foydalanishini ta’minlash majburiyatini oladi”.

Aynan mazkur xalqaro normalar “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to’g’risida” O’zbekiston Respublikasi Qonunida o’z aksini topgan. Binobarin, yuqorida qayd etilgan xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilgan mustaqil davlatimiz xalqaro huquqning umume’tirof etilgan talablaridan kelib chiqib, o’z milliy qonunchiligida ayollar va erkaklar tengligi masalasiga jiddiy ahamiyat berishining sababi ham asoslidir.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, shubhasiz,  ana shu asosning ustuvor huquqiy kafolati hisoblanadi. Yangi tahrirda qabul qilingan bosh qomusimizning 58-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi”,- deb belgilangan.

Shu ma’noda, O’zbekistonda gender tenglikning ham xalqaro-huquqiy, ham konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari kafolatlangan deyishimiz mumkin.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, mamlakatimizda gender tenglikka erishishda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yanada kuchaytirish masalasi davlat va jamiyatning doimiy diqqat markazida turibdi. Zero, bu muhim omil oilani mustahkamlash, yuqori intellektual darajadagi yosh avlodni voyaga yetkazish, jamiyat barqarorligini ta’minlashning asosiy poydevori hisoblanadi.

         Ixtiyor Xolov,

Buxoro tumanlararo ma’muriy sudi sud’yasi

Nurbek Raximov,

Buxoro viloyat sudining bosh konsultanti