Farzand tarbiyasida ota-ona ва oilaning o‘rni

Farzandga yaxshi tarbiya berish ota-onaning asosiy mas’uliyatli vazifalaridan biridir. Bu  borada ular har qadamda mas’uliyat bilan yondashmog‘i lozim. Kelajakdagi yo ‘li ravon bo ‘lishini istagan har bir ota-onalar sarflaydigan vaqtini va harakatini ertaning buyuk insonlari bo‘lgan farzandlarini ulg‘aytirish uchun sarflashlari lozim. Farzand kamoloti uchun sarflangan har bir daqiqa ertangi farovon hayot uchun tamal toshi bo‘ladi desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Agar ota-ona vaqtida farzandiga e’tibor qaratmasa, uning kelajagi uchun qayg‘urmasa, keyinchalik afsus – nadomat bilan yashashi muqarrar. Bu kelajakda muammolarni yuzaga chiqarishi mumkin. O‘sha vaqtda esa muammolarni hal qilishga kech bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, farzandining taqdiri uchun e’tiborli bo‘lib, uning xulqi, tarbiyasiga va ilm olishiga befarq bo‘lmaslik lozim. 

       Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan naql bejizga aytilmagan. Har bir ota-ona o‘z farzandi uchun ko‘zgudir. Ularning muomala va munosabati, o‘zini tutishi farzandiga bo‘lgan e’tibori alohida ahamiyatga ega. Buyuk mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiy farzand tarbiyasi xususida shunday deydi: “Yosh bolaga nisbatan eng zarur ish bilki, uni kichkinaligidan parvarish qilishdir. Qatrani sadaf tarbiya qilgani uchun odamlarning boshiga chiqib sharaf topdi. Tarbiyaning yana biri bolaga ilm-u adab o‘rgatish uchun muallim chaqirishdir. O‘g‘ling bilimsizligicha qolib ketsa, ajab kamchilik bo‘ladi. Unga sening shafqat qilishing foydalidir, lekin buning ortiqchasi zarardir”. Bu fikrlar orqali qattiqqo‘llik va shafqatning me’yorda bo‘lishini bilish mumkin.

        Mirzo Ulug‘bekning oila muhitini yaxshilash, sog‘lom tarbiya berish haqida quyidagi qarashlari mavjud. Bolaning bilim olishiga bo‘lgan qiziqish, havasini oshirishda u tarbiyalanayotgan muhit, ya’ni oila muhim o‘rin egallaydi. Oilada ota-onalar bilimli bo‘lishini, tarbiya berishda ota-onaning o‘zi o‘rnak va hayotiy misol bo‘lishiga farzandi guvoh bo‘lishi eng ko‘p samara berishi ta’kidlangan.

         Jadid adabiyotining namoyandasi Abdurauf Fitrat jamiyat rivoji va yurt ravnaqi farovonligida oilaning o‘rni xususida fikr yuritib, “Oila” asarida shunday mulohazalar bildiradi: “Har bir millatning saodati va izzati, albatta, shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bog‘liq.Tinchlik va totuvlik ana shu millat oilalarining intizomiga tayanadi.Qayerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va muazzam bo‘ladi”.

        Hozirgi kunda oila davrasida bilim olish va kitob o‘qish borasida suhbat qilish, farzandining ilm olishi xususida suhbatlar kamayib bormoqda. Farzandlarning ham o‘z vaqtini telefon bilan o‘tkazishi keng tus olyapti. Bunda me’yordan oshib ketish holatlari ko‘p uchramoqda. Farzandni kitob o‘qishga bo‘lgan muhabbatini oshirish uchun astoydil harakat qilinsa, bolada kitob o‘qishga ko‘nikma hosil bo‘ladi. Bilim olishga bo‘lgan intilish yanada kuchayadi.

     Oilada bolaning muntazam kitob o‘qishini rivojlantirish uchun ota-ona astoydil harakat qilmog‘i lozim.

       Sharq mutafakkirlari yetuk insonni yetishtirish uchun tarbiya naqadar zarurligi haqida so‘z yuritganlar. Jumladan, Imom Buxoriyning “Al-Adab al-Mufrad”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Shayx Sa’diyning “Guliston”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarlarini misol qilib keltirish mumkin.

      Bola tarbiyasida ota-onaning bir-biriga munosabati muhim sanaladi. Farzandning tarbiyasini faqat onaga tashlab qo‘yish to‘g‘ri emas.Bu borada otaning ham o‘rni beqiyosdir. Hayotda og‘il ko‘proq otaga qarab ergashadi. Otaning samimiyligi, hurmati va yaxshiligi farzandga kuch-quvvat bo‘ladi. Oilaning asosiy tirgagi bo‘lgan ota hayotning mashaqqatlarini kechib, o‘zining bukulmas irodasi, adolatparvarligi, hayot sinovlariga bardoshliligi bilan ajralib turuvchi buyuk shaxs sifatida gavdalanadi. Ota oilada o‘z farzandlariga yurish-turishda, nutq odobida, o‘zaro muomala madaniyatida to‘g‘rilik, halollik, samimiylik yuzasidan namuna bo‘la oladi. Oilada samimiylik, bir-biriga bo‘lgan mehr va hurmat yuqori bo‘lsa, farzandning o‘sib ulg‘ayishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Alisher Navoiy tarbiyaning yana bir ko‘rinishi ota-onani hurmat qilish ekanligini farzandlarga uqtiradi: ”Otang oldida boshingni fido qilib, onang boshi uchun butun jismingni sadaqa qilsang arziydi. Ikki dunyong obod bo‘lishini istasang, shu ikki odam roziligini ol. Tun-u kuningga nur berib turganning birisini oy deb bil, ikkinchisini quyosh”.

       Oilaдa ma’naviy-ruhiy muhit, bola tarbiyasida g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Oila sog‘lom, yetuk farzandni ulg‘aytirib kamol toptirishda mas’uldir. Farzandni sog‘lom, yetuk, bilimli, shijoatli qilib voyaga yetkazish oilaga, ota-onaga bog‘liqdir.

Nodirbek Fayziev,

Buxoro viloyat sudi raisi o’rinbosari

G’aybulla Mirzaev,

Buxoro viloyat sudi sud’yasi