Meros huquqiga bog‘liq nizolarni ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining V bo‘limida “Vorislik huquqi” bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlar tartibga solingan bo‘lib, unda vorislik asoslari, meros tarkibi, umumiy birgalikdagi mulk bo‘lgan mol-mulkni meros qilib olish, dehqon xo‘jaligi yer uchastkasiga egalik qilish huquqini meros qilib olish, merosning ochilishi, merosning ochilish joyi, merosxo‘rlar, noloyiq merosxo‘rlarni merosdan chetlatish va vorislik huquqi bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solingan.
Vorislik – fuqarolik huquqining muhim instituti hisoblanadi. Fuqaro vafot etgan taqdirda, uning mol-mulki va mulkiy huquq majburiyatlarining merosxo‘rlarga o‘tishi asoslari, tartibi va shartlarini belgilaydi. Meros qoldiruvchi hayotligida ega bo‘lgan mulk, mulkiy huquq va majburiyatlarining merosxo‘rlarga o‘tishi bilan bog‘liq huquqiy munosabatlar vorislik huquqi normalari bilan tartibga solinadi va uning predmeti hisoblanadi. Merosxo‘rlarga o‘tishi mumkin bo‘lgan mulk va mulkiy huquq majburiyatlarining jamisi merosni tashkil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksini 1113-moddasiga ko‘ra, meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kiradi.
Meros qoldiruvchining shaxsi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan huquq va majburiyatlar:
yuridik shaxs hisoblangan tijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarga a’zolik, ularda ishtirok etish huquqlari, agar qonun yoki shartnomada boshqa hol belgilangan bo‘lmasa;
hayotga yoki sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun tovon undirish huquqi;
aliment majburiyatlari tufayli yuzaga kelgan huquqlar va majburiyatlar;
mehnat va ijtimoiy ta’minot to‘g‘risidagi qonunchilik asosida pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlar olish huquqi;
mulkiy huquqlar bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy nomulkiy huquqlar meros tarkibiga kirmaydi.
Meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy boyliklar merosxo‘rlar tomonidan amalga oshirilishi va himoya qilinishi mumkin.
Meros fuqaroning o‘limi yoki uning sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida ochiladi. Meros qoldiruvchining o‘lgan kuni (zarurat bo‘lganda payti ham), u vafot etgan deb e’lon qilinganda esa, agar sudning qarorida boshqa muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi sudning qarori kuchga kiradigan kun meros ochilgan vaqt deb hisoblanadi. Agar biridan keyin boshqasi meros olishga haqli bo‘lgan shaxslar bir kalendarь sutka (yigirma to‘rt soat) ichida vafot etgan bo‘lsalar, ular bir vaqtda vafot etgan deb hisoblanadilar, meros ularning har biridan keyin ochiladi va ulardan har birining merosxo‘rlari vorislikka chaqiriladilar. Meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan joyi merosning ochilish joyi hisoblanadi. Agar meros qoldiruvchining oxirgi yashab turgan joyi noma’lum bo‘lsa, meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk yoki uning asosiy qismi turgan joy, ko‘chmas mulk bo‘lmagan taqdirda esa, ko‘char mulkning asosiy qismi turgan joy meros ochilgan joy deb hisoblanadi.
Meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan fuqarolar, shuningdek meros qoldiruvchining hayotlik paytida homila holida bo‘lgan va meros ochilgandan keyin tirik tug‘ilgan bolalari vasiyat va qonun bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin. Meros ochilgan paytda tuzilib bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin.
Fuqarolik kodeksining 1112-moddasiga ko‘ra, vorislik vasiyat va qonun bo‘yicha amalga oshiriladi.
Vasiyat va qonun bo‘yicha vorislar sifatida, jumladan, meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan shaxslar, shuningdek meros qoldiruvchining hayotligi paytida homila holida bo‘lib, meros ochilgandan so‘ng tirik tug‘ilgan bolalari bo‘lishi mumkin.
Fuqaroning o‘ziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqini vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb e’tirof qilinadi.
Fuqaro o‘zining barcha mol-mulkini yoki uning muayyan qismini qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga kiradigan, shuningdek kirmaydigan bir yoki bir necha shaxsga, shu bilan birga yuridik shaxslarga, davlatga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga vasiyat qilishi mumkin. Vasiyat qiluvchi qonun bo‘yicha merosxo‘rlardan bittasini, bir nechasini yoki hammasini izoh bermagan holda merosdan mahrum qilishga haqli. Qonun bo‘yicha merosxo‘rni merosdan mahrum etish, agar vasiyatnomadan boshqa hol kelib chiqmasa, bu vasiyat qiluvchining taqdim etish huquqi bo‘yicha vorislik qiladigan avlodlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Meros qoldiruvchi har qanday mol-mulk to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli. Meros qoldiruvchi vasiyat qilayotgan paytida o‘ziga tegishli bo‘lmagan mol-mulk to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli. Agar meros ochilgan paytga kelib, bunday mol-mulk unga tegishli bo‘lib qolsa, tegishli farmoyish haqiqiy hisoblanadi. Meros qoldiruvchi vasiyatnoma tuzilganidan keyin uni istagan paytda bekor qilish va o‘zgartirish borasida erkin bo‘lib, bunda bekor qilish yoki o‘zgartirish sabablarini ko‘rsatishga majbur emas. Meros qoldiruvchi o‘zi vasiyatnomada merosxo‘r etib tayinlagan shaxslarga, o‘z navbatida vafot etishlari ehtimoli bilan o‘zlariga vasiyat qilingan mol-mulkni muayyan tarzda tasarruf etish xususida ko‘rsatma berish majburiyatini yuklashga haqli emas.
Fuqarolik kodeksining 1124-moddasida, “Vasiyatnomaning shakliga doir umumiy qoidalar” belgilangan bo‘lib, vasiyatnoma yozilgan joyi va vaqti ko‘rsatilgan holda yozma shaklda tuzilishi lozim.
Quyidagi vasiyatnomalar yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi:
notarial tasdiqlangan vasiyatnomalar;
notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtirilgan vasiyatnomalar.
Yozma shakldagi vasiyatnoma vasiyat qiluvchining o‘z qo‘li bilan imzolanishi lozim.
Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan notarius yoki qonunga muvofiq vasiyatnomani tasdiqlaydigan boshqa shaxs hozir bo‘lganida vasiyat qiluvchi o‘z qo‘li bilan imzolay olmaganligining sabablari ko‘rsatilgan holda vasiyatnomaga boshqa shaxs imzo qo‘yishi mumkin.
Quyidagilar vasiyat qiluvchining o‘rniga vasiyatnomani imzolashi mumkin emas:
notarius yoki vasiyatnomani tasdiqlovchi boshqa shaxs;
vasiyatnoma kimning foydasiga tuzilgan yoki kimga nisbatan vasiyat majburiyati yuklatilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs, uning eri (xotini), bolalari, ota-onasi, nevaralari va chevaralari, shuningdek vasiyat qiluvchining qonun bo‘yicha merosxo‘rlari;
to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmagan fuqarolar;
savodsizlar va vasiyatnomani o‘qiy olmaydigan boshqa shaxslar;
yolg‘on guvohlik berganlik uchun muqaddam sudlangan shaxslar.
Qonun bo‘yicha merosxo‘rlar vorislikka Fuqarolik Kodeksning 1135 ––1141-moddalarida nazarda tutilgan navbat tartibida chaqiriladilar.
Qonun bo‘yicha vorislikda farzandlikka olingan shaxs va uning avlodlari, bir tarafdan, farzandlikka oluvchi shaxs va uning qarindoshlari, ikkinchi tarafdan, tug‘ishgan qarindoshlarga tenglashtiriladilar.
Vorislar qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislar, qonun bo‘yicha ikkinchi navbatdagi vorislar, qonun bo‘yicha uchinchi navbatdagi vorislar, qonun bo‘yicha to‘rtinchi navbatdagi vorislar, qonun bo‘yicha beshinchi navbatdagi vorislarga bo‘linadi. Qonun bo‘yicha vorislarning har bir navbati avvalgi navbatdagi merosxo‘rlar bo‘lmagan, merosdan chetlashtirilgan, merosni qabul qilmagan yoxud undan voz kechgan taqdirda vorislik huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, Meros qoldiruvchining voyaga yetmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz bolalari, shu jumladan farzandlikka olgan bolalari, shuningdek mehnatga qobiliyatsiz eri (xotini) va ota-onasi, shu jumladan uni farzandlikka olganlar, vasiyatnomaning mazmunidan qat’i nazar, qonun bo‘yicha voris bo‘lganlarida ulardan har biriga tegishi lozim bo‘lgan ulushning kamida yarmini (majburiy ulush) meros qilib oladilar. Majburiy ulush olish huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘r biron-bir asos bo‘yicha merosdan oladigan hamma narsa, shu jumladan oddiy uy jihozlari va ro‘zg‘or buyumlaridan iborat mol-mulkning qiymati ham, bunday merosxo‘r foydasiga qilingan vasiyat majburiyatining qiymati ham majburiy ulushga qo‘shiladi. Merosdan majburiy ulush olish huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘r uchun vasiyatnomada belgilangan har qanday cheklashlar va shartlar unga tegadigan merosning majburiy ulushdan ortiqcha qismiga nisbatangina haqiqiydir.
Vorislik munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal etilishi mulk daxlsizligi va meros huquqi qo‘riqlanishiga doir konstitutsiyaviy kafolatlar (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 36-moddasi) ta’minlanishining o‘ta muhim vositasi hisoblanadi.
Meros tarkibiga faqat meros qoldiruvchiga qonuniy asoslarda tegishli bo‘lgan mulk kirishi tufayli, o‘zboshimchalik bilan qurilgan yoki tegishli tarzda rasmiylashtirilmagan imoratlar meros tarkibiga faqat marhumning mazkur imoratlarga nisbatan mulk huquqi belgilangan tartibda e’tirof etilgan holda kiritiladi.
Meros qoldiruvchi tomonidan tuzilgan oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya va shu kabi bitimlar uning o‘limidan so‘ng haqiqiy emas deb topilganda, qaytarilgan mulk ham meros tarkibiga kiritiladi.
Birgalikdagi umumiy mulk ishtirokchisi vafot etgan taqdirda meros uning hissasiga to‘g‘ri keladigan umumiy mol-mulkka nisbatan, mol-mulkni natura holida bo‘lishning iloji bo‘lmaganda esa, bunday ulushning qiymatiga nisbatan ochiladi.
Fuqarolik kodeksining 1119-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, noloyiq merosxo‘r deb topilishi mumkin bo‘lgan shaxslarning vorisligiga oid nizolarni ko‘rishda shuni nazarda tutish lozimki, ularning qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangan, vorislikka chaqirilishga imkon yaratgan qonunga xilof harakatlari, faqat bu harakatlar qasddan sodir etilgandagina merosdan mahrum etish uchun asos bo‘ladi.
Ehtiyotsizlik orqasida sodir etgan jinoyati uchun sudlangan shaxsga nisbatan Fuqarolik kodeksining 1119-moddasida nazarda tutilgan qoida qo‘llanilmaydi.
Merosxo‘r faqat sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra va faqat merosdan chetlatish o‘zi uchun vorislik bilan bog‘liq mulkiy oqibatlar tug‘diradigan shaxsning da’vosi bo‘yicha noloyiq deb topilishi va merosdan chetlatilishi mumkin.
Vasiyatnoma haqiqiy emas deb topilgan hollarda, unda merosxo‘r tariqasida ko‘rsatilgan, biroq tegishli navbatdagi qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga kiradigan shaxs umumiy asoslarda qonun bo‘yicha vorislik huquqidan mahrum etilmaydi.
Bunday hollarda, sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan vasiyatnomaga ko‘ra merosdan mahrum etilgan qonun bo‘yicha merosxo‘r ham umumiy asoslarda vorislik huquqiga ega bo‘ladi.
Vasiyatnoma qonunda belgilangan tartibda tuzilgan va vasiyat qiluvchining vafotidan so‘ng muayyan oqibatlar kelib chiqishini nazarda tutuvchi bir tomonlama bitim hisoblanadi.
Qonunga binoan vasiyat qiluvchi o‘z mulkini to‘liq yoki qisman har qanday shaxs yoxud bir necha shaxsga, shuningdek yuridik shaxslarga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yoxud davlatga vasiyat qilishi, yoinki bir, bir necha yoki barcha qonun bo‘yicha merosxo‘rlarni merosdan mahrum qilishi mumkin.
Vasiyatnomani haqiqiy emas deb topishga oid da’volarni ko‘rishda, sudlar Fuqarolik kodeksining bitimlarni haqiqiy emas deb topish uchun asoslarni nazarda tutuvchi normalariga amal qilishlari lozim.
Meros qoldiruvchi tomonidan zimmasiga biror bir majburiyat bajarilishi yuklatilgan vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘r va vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchi o‘rtasidagi nizolarni ko‘rishda, sudlar FK 1132-moddasi talablariga rioya etishlari lozim.
Vasiyatnoma va uning asosida berilgan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma faqat sudning hal qiluv qarori bilan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bunday talablar bo‘yicha sud tomonidan kelishuv bitimi tasdiqlanishiga, u qonunga zid bo‘lishi tufayli yo‘l qo‘yilmaydi.
Qonunchilikka ko‘ra, vasiyat qoldiruvchining merosdan majburiy ulush olish huquqiga ega bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz (shu jumladan, farzandlikka olingan) bolalari, uning mehnatga qobiliyatsiz eri(xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilari) ham qonun bo‘yicha merosxo‘r bo‘ladilar. Bu o‘rinda shuni nazarda tutish lozimki, taqdim qilish huquqi bo‘yicha merosxo‘rlar, meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz boqimlari, ikkinchi va undan keyingi navbatdagi vorislar majburiy ulush olish huquqiga ega emas.
Majburiy ulush belgilashda qonun bo‘yicha vorislikka chaqirilishi mumkin bo‘lgan barcha merosxo‘rlar inobatga olinishi va meros tarkibiga kiruvchi barcha mol-mulkdan kelib chiqilishi lozim.
Merosxo‘rga majburiy ulush tayinlashda u meros tariqasida biron-bir asosga ko‘ra olayotgan barcha narsa, shu jumladan oddiy uy jihozlari va ro‘zg‘or buyumlaridan iborat mol-mulkning qiymati ham, bunday merosxo‘r foydasiga qilingan vasiyat majburiyatining qiymati ham inobatga olinadi.
Quyidagi hollarda ham qonun bo‘yicha vorislik mavjud bo‘ladi:
taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik;
meros transmissiyasi tartibida vorislik;
meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz boqimlari tomonidan vorislik.
Taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik qonun bo‘yicha merosxo‘r meros ochilgunga qadar vafot etgan taqdirda, unga tegishli ulush uning avlodlariga o‘tishini nazarda tutadi. Bunda ulush taqdim qilinayotgan qonun bo‘yicha merosxo‘r bilan birdek darajada qarindosh bo‘lgan avlodlar o‘rtasida teng taqsimlanadi. Masalan, agar o‘g‘il (qiz) otasi yoki onasidan oldin vafot etgan bo‘lsa, uning bolalari bobosi yoki buvisining vafotidan so‘ng qolgan merosga nisbatan taqdim qilish huquqi bo‘yicha merosxo‘r bo‘ladi.
Qonun bo‘yicha marhum merosxo‘rning eri(xotini) taqdim qilish huquqi bo‘yicha voris bo‘la olmaydi.
Meros transmissiyasi tartibida vorislik vasiyatnoma yoki qonun bo‘yicha vorislikka chaqirilgan merosxo‘r (transmittent) meros ochilganidan keyin, lekin uni qabul qilib olishga ulgurmasdan vafot etgan hollarda amalga oshiriladi. Bunday hollarda unga tegishi kerak bo‘lgan merosni qabul qilib olish huquqi uning qonun bo‘yicha merosxo‘rlariga, agar barcha meros mol-mulk vasiyat qilingan bo‘lsa, uning vasiyat bo‘yicha merosxo‘rlariga (transmissarlariga) o‘tadi.
Meros transmissiyasi quyidagi shartlarda vujudga keladi:
meros ochilgan paytda vorislik huquqiga ega bo‘lgan vasiyat yoki qonun bo‘yicha merosxo‘rning borligi;
vasiyat yoki qonun bo‘yicha merosxo‘r merosni qabul qilib olishga ulgurmasdan vafot etganligi sababli uning merosdagi ulushi taqdirini hal qilish zarurati paydo bo‘lganligi;
vafot etgan merosxo‘r uning merosxo‘rlari bilan almashtirilishi mumkinligi.
Mehnatga qobiliyatsiz shaxslarni qonun bo‘yicha merosxo‘r deb topish uchun bir vaqtning o‘zida ikki holatning mavjud bo‘lishi, ya’ni bunday shaxslarning bir yildan kam bo‘lmagan muddat ichida meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lishi va meros qoldiruvchi bilan uning vafotiga qadar bir yildan kam bo‘lmagan muddat ichida birga yashagan bo‘lishi talab etiladi.
Ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi navbatdagi qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga kiruvchi mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga kelganda esa, ular vorislikka chaqirilishi uchun faqat ularning meros qoldiruvchi vafotiga qadar uning qaramog‘ida bir yildan kam bo‘lmagan muddat ichida bo‘lganligini aniqlashning o‘zi kifoya.
Mehnatga qobiliyatsiz shaxsni meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lgan deb topish uchun bunday shaxs meros qoldiruvchining to‘liq ta’minotida bo‘lganligi yoki undan olib turilgan moddiy yordam uning hayot kechirishi uchun asosiy va doimiy manba bo‘lganligi fakti aniqlanishi lozim. Meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lganlik fakti fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, ish (xizmat) joyi ma’muriyati, ijtimoiy ta’minot bo‘limi tomonidan berilgan hujjatlar, shuningdek guvohlarning ko‘rsatuvlari bilan tasdiqlanishi mumkin.
Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma, vorislik vasiyat yoki qonun bo‘yicha ekanligidan qat’iy nazar, meros ochilgan kundan boshlab olti oy o‘tgandan so‘ng meros ochilgan joydagi notarius tomonidan beriladi.
Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomani olish merosxo‘rning majburiyati emas, balki huquqi bo‘lganligi sababli, qonunda merosxo‘r bunday guvohnoma berish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishi shart bo‘lgan muddat belgilanmagan.
Merosdan voz kechish to‘g‘risida ariza bergan merosxo‘r keyinchalik uni bekor qilishi yoki qaytarib olishi mumkin emas. Bunday voz kechish faqat sudning hal qiluv qarori bilan va qonunda bitimlarni haqiqiy emas deb topish uchun belgilangan asoslarga ko‘ra haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Bayon etilganlardan ko‘rinadiki, vorislik masalalari hozirgi vaqtda ham dolzarb masala hisoblanadi.
Vorislik huquqi jamiyatning har bir a’zosiga mulklari, mulkiy huquq va majburiyatlari vasiyat yoki qonun bo‘yicha meros bo‘lib o‘tishi kafolatlanganligini tushungan holda yashashi va ishlashiga imkon yaratadi.
Gulsara Sattorova,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumanlararo sudining sudyasi
Nurbek Raximov,
Buxoro viloyat sudining bosh konsultanti