Korruptsiyaga qarshi kurashish borasidagi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va mazkur sohada davlat organlari bilan fuqarolarning o’zaro hamkorligi.
“Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korruptsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonida sudyalar mustaqilligini ta’minlash va sud tizimida korruptsiyaning oldini olish bo’yicha davlat siyosatining asosiy yo’nalishlari sifatida quyidagilar belgilangan:
-sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish bo’yicha kasbiy faoliyatini har qanday ko’rinishdagi tashqi ta’sirlardan samarali muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlarni yaratish;
-sudyalikka kadrlarni tanlash, tayyorlash, lavozimga tayinlash, shuningdek, sudyalar faoliyatini baholashda xolislik va shaffoflikni ta’minlash, ushbu jarayonlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini izchil joriy qilish;
-sudyalar va sud apparati xodimlari orasida korruptsiya holatlarining oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan tizimni yo’lga qo’yish hamda sud tizimida aniqlangan har qanday korruptsiyaviy harakatni murosasiz holat deb baholash;
-sudyalarning kasbiy malakasi, ma’naviyati va mas’uliyatini oshirish bo’yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali yuksak professional sudyalar korpusini shakllantirish.
2021 yil 1 fevraldan boshlab sud tizimida korruptsiya holatlarining oldini olish, Kengash va sud tizimi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida:
ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash bo’yicha imtihon jarayonlarini Internet tarmog’i (veb-sayt) orqali onlayn tarzda yoritib borishni yo’lga qo’yish;
sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo’yicha kasbga munosibligini baholashga ko’maklashuvchi elektron dasturni ishlab chiqish va joriy qilish;
sud ya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni ta’minlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish.
Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilishi munosabati bilan 2021 yil 1 yanvardan ushbu sudlarning malaka hay’atlarini shakllantirish.
Sudyalarning yuridik javobgarligi masalasini hal etish paytida ularning odil sudlov bilan bog’liq faoliyatiga har qanday aralashuvning oldini olish maqsadida 2021 yildan boshlab:
sudyalarning daxlsizligini buzganlik va odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashganlik holatlari yuzasidan Kengash raisi tomonidan kiritilgan taqdimnoma prokuratura organlari tomonidan bir oy muddatda ko’rib chiqilib, jinoyat ishi qo’zg’atilganligi yoki qo’zg’atish rad etilganligi haqida Kengashga O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan xabar beriladi;
sudyalarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida so’roq qilish uchun chaqirishga tegishli malaka hay’atlari roziligi bilan yo’l qo’yiladi;
sud hokimiyati mustaqilligini va sudyalar daxlsizligini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirishga to’sqinlik qilayotgan omillar va tizimda korruptsiyaga qarshi kurashish holati yuzasidan Kengash raisi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga yil yakuni bo’yicha axborot taqdim etib boriladi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan, faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradigan Kengash raisining o’rinbosari lavozimini joriy qilish;
Sudyalar daxlsizligini ta’minlash bo’yicha sud inspektsiyasi negizida Sudyalar daxlsizligini ta’minlash va korruptsiyaning oldini olish bo’yicha sud inspektsiyasini tuzish;
Sudyalar kasbiy tayyorgarligini tashkillashtirish sho’’basini tugatish;
Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish sho’’basi negizida matbuot xizmati va birinchi bo’lim, shuningdek ijro apparati negizida axborot-tahlil, murojaatlar bilan ishlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va axborot xavfsizligini ta’minlash tuzilmalari hamda arxiv va devonxona tashkil etish;
Kengashga kelib tushayotgan shikoyatlarni umumlashma tahlil qilish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida sudyalar malaka hay’atlari bilan birgalikda aniq choralar belgilash vazifasini yuklash;
sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi faoliyatini rag’batlantirishni yo’lga qo’yish, «Ibratli sud ya» mukofotini, odil sudlovni amalga oshirishda uzoq yillar samarali mehnat qilib pensiyaga chiqqan sudyalar uchun «Sud faxriysi» ko’krak nishonini joriy etish;
Kengash huzurida amaldagi moddiy va protsessual huquq normalarini to’g’ri qo’llash bo’yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo’lgan maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qo’llanilishi yuzasidan so’rovlariga tushuntirishlar berish vakolatiga ega bo’lgan jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Sudyalar klubini tashkil etish.
Klub o’z faoliyatini Kengash tomonidan tasdiqlanadigan Nizom asosida amalga oshiradi va uning doimiy mas’ul a’zolari tarkibi ko’p yillik ish tajribasiga, chuqur bilim va yuksak obro’-e’tiborga ega bo’lgan amaldagi va faxriy sudyalar orasidan shakllantiriladi.
Azizjon SHARIPOV,
Fuqarolik ishlari bo’yicha
G’ijduvon tumanlararo sudi sudyasi.
Gulsara SATTOROVA,
Fuqarolik ishlari bo’yicha
G’ijduvon tumanlararo sudi sudyasi.