KORRUPSIYA — TARAQQIYOT DUSHMANI
Korrupsiya nima? U faqat pora olishmi yoki u bundan ham chuqurroq muammo emasmi? Nega u har qanday jamiyat uchun xavfli hisoblanadi? Ushbu savollar hozirgi davrda nafaqat huquqshunoslarni, balki butun jamiyatni o‘ylantirmoqda. Chunki korrupsiya — bu oddiy poraxo‘rlik emas, balki taraqqiyot, tenglik va adolatga putur yetkazuvchi xavfli illatdir.
Bugungi globallashuv davrida dunyoning deyarli barcha mamlakatlari korrupsiya illatiga qarshi keskin kurash olib bormoqda. Chunki korrupsiya — nafaqat qonun ustuvorligiga, balki jamiyatning iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy asoslariga ham jiddiy tahdid soladigan omildir. Taraqqiyot sari dadil odimlayotgan har qanday jamiyat uchun korrupsiya – to‘siq, islohotlarning samaradorligini pasaytiruvchi va ijtimoiy ishonchni yemiruvchi xavfli illat hisoblanadi.
Korrupsiya — bu mansab yoki vakolatdan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanishdir. U poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik, vakolatlarni suiiste’mol qilish, davlat boyligini talon-taroj qilish kabi shakllarda namoyon bo‘ladi.
Korrupsiyaning asosiy xavfi – adolat tamoyillarining buzilishidir. U jamiyatda tengsizlik, umidsizlik, norozilik kayfiyatlarini kuchaytiradi. Ayniqsa, huquqni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasidagi korrupsion holatlar bevosita inson hayoti va taqdiriga ta’sir o‘tkazadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. 2020-yilda “Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi” tashkil etildi. Shuningdek, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, barcha davlat organlari faoliyatida shaffoflik, hisobdorlik va halollik prinsiplari kuchaytirildi.
Transparency International tashkilotining 2023-yilgi “Korrupsiya sezgirlik indeksi”da O‘zbekiston 180 davlat ichida 126-o‘rinni egalladi (2022-yilga nisbatan 3 pog‘onaga ko‘tarildi).
2022-yilda respublikada 2 451 ta korrupsiya bilan bog‘liq jinoyat fosh etilgan. Bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan 12 foizga oshgan.
Bu raqamlar nafaqat muammoning mavjudligini, balki unga qarshi kurashayotgan tizimning faol ishlayotganini ham ko‘rsatadi.
Korrupsiyaga qarshi samarali kurashda fuqarolik jamiyati institutlarining, OAV va ayniqsa, yoshlar kabi faol qatlamlarning o‘rni beqiyosdir.
O‘z fikriga ega, ongli va vatanparvar yoshlar jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantiradi. O‘zbekistonda yoshlar ishtirokida “Korrupsiyaga yo‘q deymiz!”, “Halol mehnat – pok vijdon” kabi targ‘ibot loyihalari amalga oshirilmoqda.
Korrupsiya – jamiyat tanasidagi saraton kasalligidir. Uni yo‘qotish uchun nafaqat qonunchilik, balki ijtimoiy ong, axloq va mas’uliyat ham yuqori bo‘lishi lozim. Yurtimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar va xalqaro hamkorlik natijasida korrupsiyaga qarshi kurash bosqichma-bosqich yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Sh.Quvvatov, N.Jo‘rayev, Z.Sherov
Buxoro viloyat sudi jinoyat ishlari
bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari
F.Sharapov
Buxoro viloyat sudi bosh konsultanti