Alimentni hisoblash va oldindan to‘lash tartibi qanday?
Oila kodeksining 96-moddasiga ko‘ra, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart.
Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to‘lash tartibini o‘zaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar.
Agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.
Agar aliment to‘lovchi ishlamaydigan bo‘lsa yoki uning ish haqi va (yoki) daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo‘lsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda aliment O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha hisoblab chiqiladi.
Agar qarzni bunday belgilash taraflardan birining manfaatlariga jiddiy putur yetkazsa, manfaatlariga putur yetkazilgan taraf sudga murojaat qilishga haqlidir.
Sud taraflarning moddiy va oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni inobatga olib, qarzning pul bilan to‘lanadigan qat’iy summasini belgilashi mumkin.
Alimentlarni oldindan to‘lash bola voyaga yetguniga qadar har qanday davr uchun besh yildan kam bo‘lmagan muddatga amalga oshiriladi.
Alimentlarni oldindan to‘lash vaqtida agar bolalar voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr 5 yildan kam bo‘lsa, alimentlarni oldindan to‘lash qolgan davr uchun amalga oshiriladi.
Alimentlarni to‘lash to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘yicha alimentlarni muayyan davr uchun oldindan to‘lash yo‘li bilan ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish masalasida, qarzdor ijro hujjatini bergan sudga ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi.
Alimentlarni undirish alimentlar to‘lash to‘g‘risidagi notarial tarzda tasdiqlangan kelishuvga asosan bo‘lsa, ariza ijro hujjati ish yurituvi Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limi joylashgan hududdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga beriladi.
Arizada, qarzdor aliment majburiyatlarini umumiy tartibda bajarish uchun to‘sqinlik qiluvchi obyektiv holatlarni ko‘rsatadi. Masalan, boshqa mamlakatga tashrif buyurish to‘g‘risida taklifnoma, boshqa mamlakatda ishga tayinlanganligi to‘g‘risidagi buyruq va hokozo.
Arizada qarzdor tomonidan alimentlarni oldindan to‘lamoqchi bo‘lgan davri ko‘rsatiladi. Arizaga avvalgi davrlar uchun to‘langan (ushlab qolingan) aliment summalari, shuningdek, oylik ish haqi va boshqa daromadlari, shu jumladan chet elda olingan daromadlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Har oylik alimentlar summasini hisoblash quyidagi tartibda belgilanadi:
a) agar ijro hujjatida aliment pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilangan bo‘lsa — ijro hujjatida ko‘rsatilgan summa har oylik alimentlar summasi sifatida belgilanadi;
b) agar ijro hujjatida alimentlar qarzdorning oylik ish haqi va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlar hisobida belgilangan bo‘lsa — oylik aliment summasi qarzdorning oxirgi oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadi ulushidan, biroq hisoblash vaqtida O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblab chiqiladi.
Bunda, qarzdor ishsiz bo‘lsa yoki oylik ish haqi va boshqa daromadi to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim qilinmagan taqdirda, tegishli ulush hisoblash vaqtida O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.
Nodirbek Fayziyev,
Buxoro viloyat sudi raisi o‘rinbosari
Zubayda Kurbonova,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudi sudyasi