OTA-ONALIK HUQUQIDAN MAHRUM QILISH TARTIBI VA UNING HUQUQIY OQIBATLARI

O‘zbekiston Respublikasi demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish sari intilmoqda. Bunday yuksak maqsadga erishishda oilaga bo‘lgan munosabat muhim o‘rin egallaydi. Chunki oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lib hisoblanadi. Har bir oilaning farovonligi, oiladagi naslning sog‘lomligi, barkamolligi jamiyat farovonligida, davlatning yuksalishida kafil bo‘lib xizmat qiladi.

Oila va jamiyat bir-biriga chambarchas va uzviy bog‘liq bo‘lib, jamiyatning o‘zi ham oilalardan tashkil topadi. Oila ham o‘z navbatida jamiyat bag‘rida vujudga keladi, rivojlanadi. Ayni paytda oilaning jamiyatda o‘z vazifalari mavjud. Ular oilaning avlod yaratish, farzandlarni tarbiyalash, ularni kamolga yetkazish, oiladagi iqtisodiy muammolarni hal etish, oila a’zolarining dam olishini va salomatligini tiklash, tabiatga, jamiyatga bo‘lgan o‘zaro munosabatlarni shakllantirishdan iborat.

Oiladagi ota-ona va bolalar o‘rtasida ma’lum huquqiy munosabat va majburiyatlar borki bu narsa oilani mustahkamligini ta’minlaydi. Ushbulardan biri bu ota-onalik huquq va majburiyatlaridir.

Ota-onalik huquq va majburiyatlari ularni ajratib bo‘lmaydigan toifaga kiradi. Ammo ular o‘z maqsadi bo‘yicha ishlatilmaganda ota-onalik huquqini yo‘qotishi oqibatida mahrum qilinishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 79-moddasiga ko‘ra, Ota-ona (ulardan biri) quyidagi hollarda:

-ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa;

-uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘z bolasini tug‘uruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga o‘xshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa;

-ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lsa, jumladan jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy ta’sir ko‘rsatsa;

-muttasil ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan bo‘lsa;

-o‘z bolalarining hayoti yoki sog‘lig‘iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo‘lsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish bolaning tug‘ilishni qayd qilish yozuvida ota-onasi sifatida ko‘rsatilgan ota-onalarga nisbatan qo‘llaniladigan oilaviy-huquqiy ta’sir choralari hisoblanadi

Ota-onalar va farzandlar o‘rtasidagi huquqiy munosabat, ularning bir-biriga bo‘lgan mehr-oqibati birinchi navbatda oilada namoyon bo‘ladi. Aksari hollarda, ayrim oilalarda maishiy buzuq, spirtli ichimliklar yoki giyohvandlik moddalarini suiiste’mol qiluvchi, shuningdek boshqa salbiy sabablari bilan ota-onalik nomiga dog‘ tushirayotganlar ham yo‘q emas. Bu kabi noxushliklarning oldini olish yoki ularga muayyan ta’sir choralari ko‘rish maqsadida qonunchiligimizda bir qator tarbiyaviy choralar nazarda tutilgan

Oila Qonunchiligi talabiga ko‘ra, Ota-onalik huquqidan mahrum qilish sud tartibida amalga oshiriladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilishning qator huquqiy oqiabtlari mavjuddir. Unga ko‘ra, Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-ona qaysi bolaga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa, shu bolaga nisbatan bo‘lgan qarindoshlik faktiga asoslangan barcha huquqlardan, shu jumladan undan ta’minot olish, shuningdek bolali fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqlaridan mahrum bo‘ladi.

Biroq, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ota-onani o‘z bolasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Shuningdek, ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onaning (ulardan birining) bundan keyin bola bilan birgalikda yashash-yashamaslik masalasi sud tomonidan uy-joy to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilinadi.

Bolani ota yoki onasiga berishning imkoniyati bo‘lmagan yoki ota-onaning har ikkalasi ham ota-onalik huquqidan mahrum qilingan taqdirda, bola vasiylik va homiylik organining qaramog‘iga olib beriladi.

Shu bois, har bir ota-ona o‘zining huquq va majburiyatlarini to‘g‘ri anglagan holda uni amalga oshirishlari jamiyatning rivojiga yanada hissa qo‘shib, bu borada muammolar vujudga kelishining oldini olishga xizmat xizmat qiladi.

Sarvinoz Qambarova,

Buxoro viloyat sudi sudyasi

Oybek Shomurodov,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudi sudyasi