Bugungi va ertangi sud tizimidagi islohotlar

Bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar qonun yo‘li bilan tartibga solinayotgani, qabul qilinayotgan qonunlar zamirida insonparvarlik va odillik g‘oyasi mujassamlashganligi har birimizni quvontiradi.

So‘nggi yillarda yurtimizda aynan Konstitutsiya va qonunlarga asoslangan davlat qurish uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning salmog‘i har qachongidan oshdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bu jarayonda inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadigan fuqarolik jamiyati asoslari mustahkamlandi.

Shu bilan birga sud hokimiyati ham qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqil holda ish yurituvchi, qonun ustuvorligi va adolat tantanasi yo‘lida faoliyat olib boradigan alohida mustaqil tizim sifatida shakllandi.

2023-yil 16-yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni bilan 2023–2026-yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlangan edi.

Strategiya doirasida odil sudlovni ta’minlashning ustuvor vazifalaridan biri sifatida sudlar faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish belgilangan.

Dunyo bo‘ylab ko‘plab jabhalarda samarali foydalanib kelinayotgan sun’iy intellekt texnologiyalarining sudlar faoliyatida bosqichma-bosqich joriy etilishi, sohada butun bir yaxlit tizim yaratilishiga va inson omili natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik va ularni o‘z vaqtida aniqlab, o‘z o‘rnida bartaraf etishga, shuningdek, sud qarorlarining sifatli va tushunarli yozilishini ta’minlash bilan birga, ish hajmini ham bir muncha kamaytirishga imkon yaratadi.

Ish bo‘yicha sudning hukmini yoki qarorini inson qo‘li bilan yaratilgan elektron tizim tayyorlashini tasavvur qilish qiyin, albatta.

Ammo, xalqaro tajribalardan ko‘rinishicha sun’iy intellektga ega texnologiyalar fuqarolik yoki jinoiy ish yuritish usullarini isloh qilish imkoniyatiga ega. U sudyalarga sud muhokamasining turli bosqichlarida turli vazifalarni bajarishga ketadigan vaqtni qisqartirish orqali yordam beradi.

Shu bois sun’iy intellektdan huquqiy tartib-qoidalarni soddalashtirish, takroriy vazifalarni avtomatlashtirish va takomillashtirish orqali ishlarni tez hal etishda foydalanib kelinmoqda.

Sun’iy intellektdan sudlarda sudyalarning ish yukini kamaytirish, ishlarni hal qilish vaqtini qisqartirish va yaxshilash uchun foydalanish  mumkin, biroq sun’iy intellekt tomonidan yozilgan sud qarorlarining jazo tayinlash qismida sodir etilgan qilmish uchun tayinlanishi lozim bo‘lgan jazo turi va miqdori faqatgina sudya tomonidan mustaqil tarzda belgilanadi.

Ishonchimiz komilki, sohada amalga oshirilayotgan mazkur islohotlar o‘z navbatida ish bo‘yicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama tekshirilib, dalillarga xolisona baho berilishi va ishning haqiqiy holatlarini aniqlanishiga, natijada oqlov hukmlari ko‘payishiga asos yaratib, fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchining oshishiga zamin yaratadi.

Raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi huquqiy tizimning ham mos ravishda takomillashtirilishini talab etadi. Oʻzbekiston Respublikasi raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirish maqsadida bir qator qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritdi. Ushbu maqolada mazkur oʻzgarishlar, ularning ahamiyati va raqamli dalillar bilan bogʻliq huquqiy jarayonlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar yoritiladi.

2024-yil 21-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan Jinoyat protsessual kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeks, Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks va Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksga raqamli dalillar tushunchasi hamda ular bilan ishlash tartibini belgilovchi normalar kiritildi.

Ushbu qonun bilan raqamli dalillarni toʻplash, taqdim etish, mustahkamlash, koʻzdan kechirish, tekshirish va baholash, saqlash, qaytarish hamda yoʻq qilish tartibi belgilandi. Xususan, jinoyat ishi doirasida guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar elektron ma’lumotlarni elektron jismdan boshqa elektron jismga koʻchirish orqali taqdim etish huquqiga ega boʻldi.

Shuningdek, raqamli dalillarning koʻchirma nusxalarini mas’ul shaxslarga yoki sudga qogʻozda chop etilgan shaklda taqdim etish imkoniyati yaratildi. Biroq, bunday qogʻozdagi shakl yozma dalil deb hisoblanmaydi. Raqamli dalildan koʻchirma nusxa olishga, uning yaxlitligi va aynan oʻxshashligi saqlangan holda yoʻl qoʻyiladi. Bu esa raqamli dalilning asl nusxasining mavjudligini ta’minlaydi.

Raqamli dalillar zamonaviy huquqiy amaliyotda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ular elektron shaklda saqlangan ma’lumotlar boʻlib, sud ishlarida yoki boshqa huquqiy jarayonlarda dalil sifatida qoʻllanilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining yangi qonun hujjatlarida raqamli dalillar quyidagi jihatlar boʻyicha tartibga solindi:

– ularning huquqiy maqomi va ishonchliligi aniqlashtirildi;

– raqamli dalillarni olish, qayta ishlash va sudga taqdim etish tartibi belgilandi;

– dalillarning yaxlitligi va ishonchliligini ta’minlash uchun texnik vositalardan foydalanish qoidalari aniqlandi.

Yangi qonun hujjatlariga muvofiq quyidagi muhim oʻzgarishlar amalga oshirildi:

– jinoyat protsessual kodeksiga raqamli dalillarni sud tomonidan qabul qilish shartlari belgilab berildi;

– fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslarida elektron ma’lumotlarni dalil sifatida koʻrib chiqish tartibi aniqlandi;

– raqamli dalillar bilan bogʻliq jarayonlarni nazorat qilish va ularning ishonchliligini ta’minlash boʻyicha maxsus ekspertiza tizimi joriy etildi.

Raqamli dalillarning ishonchliligini ta’minlash muhim huquqiy masalalardan biri hisoblanadi. Ushbu maqsadda quyidagi tamoyillar joriy etildi:

– dalillarning haqiqiyligini tasdiqlash uchun kriptografik usullardan foydalanish;

– elektron dalillarni saqlash va uzatish jarayonlarida kiberxavfsizlik choralari koʻrish;

– dalillar bilan ishlashda maxsus mutaxassislarning ishtirokini ta’minlash.

Yangi qonunchilikka muvofiq raqamli dalillar sud tomonidan quyidagi shartlar asosida qabul qilinadi:

– dalillarning manbasi va ularning haqiqiyligi tasdiqlangan boʻlishi kerak;

– elektron ma’lumotlar qogʻoz shaklda yoki rasmiy elektron hujjat sifatida taqdim etilishi mumkin;

– dalillarning oʻzgartirilmaganligi ishonchli texnik vositalar yordamida tekshirilishi lozim.

Kiritilgan oʻzgarishlar raqamli dalillarning ishonchliligini oshirishga yordam beradi, bu esa sud jarayonlarini tezlashtiradi va ishonchli qarorlar qabul qilish imkoniyatini beradi.

Oʻzbekiston Respublikasida raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar huquqiy jarayonlarning zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashuviga xizmat qiladi. Ushbu oʻzgarishlar sud ishlarining yanada adolatli va shaffof boʻlishini ta’minlab, fuqarolar va tashkilotlarning huquqiy manfaatlarini ishonchli himoya qilish imkonini yaratadi. Natijada fuqarolar va tashkilotlarning sudga bo‘lgan e’tibori va ishonchi ortadi.  Kelgusida raqamli dalillar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro tajribalarni qoʻllash masalalari dolzarb boʻlib qolmoqda.

Sh.O.Bozorova

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Romitan

tumanlararo sudi raisi