Otalikni belgilash va aliment undirish haqidagi ishlarni sudda ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari
Oilaviy nizolarga nikohdan ajratish, nikohni haqiqiy emas deb topish, aliment undirish, ota-ona ta’minoti uchun farzandidan pul undirish, bola yashash joyini yoki bola bilan ko‘rishib turish tartibini belgilash, bolani tarbiyaga olish, otalikni belgilash, ota-onalik huquqidan maxrum qilish, otalikka e’tiroz bildirish, shuningdek oila nizolari bilan bog‘liq boshqa nizolar kiradi.
Shu nizolar ichida otalikni belgilash va aliment undirish nizolariga e’tibor qattiq qaratiladi. Otalikni belgilash nizosi kelib chiqishiga er-xotinning oila qonunchiligiga rioya qilmasligi, nikohlarini FXDYo bo‘limlarida qayd qildirmasdan farzandli bo‘lishlari, er tarafning otalikni belgilash haqida FXDYo bo‘limiga ariza berishga bormasligi sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 13-moddasiga ko‘ra, nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega bo‘lmaydi.
Yil yakunlari bo‘yicha tahlillar, umumlashtiruvlar shuni ko‘rsatayaptiki, fuqarolarning diniy rasm-rusumlar, ya’ni sha’riy nikoh asosida oila qurishlari holati hamon uchrab turibdi. Shuningdek, otalikni belgilatish haqidagi da’vo talablari sudlarda birmuncha oshganligi tashvishlidir.
Nikohning qonuniy rasmiylashtirilmasligi bolanining otasi deb hisoblanayotgan otaning FXDYo organiga borib, otalikni belgilatish haqida ariza bermasligi, ba’zi hollarda bunga shaxsini tasdiqlaydigan hujjati yo‘qligini vaj qilishi yoki bolani tan olmasligi bu toifadagi ishlarning sudlargacha yetib kelishiga sabab bo‘ladi.
O‘zaro nikohda bo‘lmagan ota-onadan bola tug‘ilgan taqdirda, otalik ota-onaning birgalikdagi FXDYo organiga bergan arizasi asosida, agar ota FXDYo organiga ariza bermasa, otalik onaning o‘zining arizasiga asosan sud tartibida belgilanadi.
Otalikni sud tartibida belgilash ota-onadpn birining yoki bolpning vasiysi(homiysi)ning yoxud bola kimning qaramog‘ida bo‘lsa, shu shaxsning arizasiga, shuninngdek bola voyaga yetganidan keyin uning o‘zi bergan arizaga asosan ham amalga oshiriladi.
Shar’iy nikohdan o‘tishning oqibatlari boshqa nizolarni, xususan aliment undirish, ba’zi hollarda esa mol-mulkni undirish nizolarini ham keltirib chiqaradi.
Otalikni belgilash bola ta’minoti bilan uzviy bog‘liqligi uchun bu toifadagi ishlar sudlarda qisqa muddatlarda ko‘rib chiqiladi.
Otalikni belgilash nizolarini ko‘rishda sud da’vogar va javobgarning bola tug‘ilgunga qadar umumiy ro‘zg‘or asosida oila yuritgan-yuritmaganligiga, bolani birgalikda tarbiyalaganliklariga, otalikni tan olganligiga, bolaga va uning onasiga moddiy va ma’naviy yordam berilganligi va boshqa dalillar mavjudligiga huquqiy baho berib qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishi lozim.
Javobgar otalikni tan olmaganligida va da’voni qanoatlantirish uchun asoslar yetarli bo‘lmaganida odam DNKsi bo‘yicha sud-biologik ekspertizasi tayinlash amaliyotda ko‘p uchraydi.
Otalikni belgilash haqida da’vo berish huquqiga ega shaxs sudga bergan da’vo arizasiga bolaning otaligi belgilanmaganligini tasdiqlaydigan tug‘ilganlik guvohnomasi nusxasini taqdim qilishi shart.
Sudning hal qiluv qarori bilan otalik belgilanganida qabul qilingan hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach FXDYo bo‘limiga dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish kiritish uchun yuboriladi. Hal qiluv qaroriga asosan FXDYo organi bolaga yangi tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma beradi.
Otalikni belgilash va aliment undirish da’volari bo‘yicha da’vogar davlat bojidan ozod qilingan.Biroq, da’vo qanoatlantirilsa, davlat boji javobgardan undirilishini qonunchilik istisno qilmaydi.
Shuningdek, otalikni belgilash da’volari bo‘yicha qonunchilikda da’vo muddati qo‘llanmasligi belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, da’vogarlar bu mazmundagi da’vo bilan istalgan paytda murojaat qilishga haqli.
Bolaning onasi bilan nikohda bo‘lmagan, lekin o‘zini bolaning otasi deb tan olgan shaxs vafot etgan taqdirda uning otalik fakti sud tomonidan belgilanishi mumkin.
Bunday holatda sudda ish da’vo yuritish tartibida emas, balki manfaatdor shaxsning arizasiga asosan alohida ish yuritish, ya’ni yuridik faktni belgilash tartibida ko‘rib chiqiladi.
Otalikni belgilash bilan bog‘liq nizolarning ko‘payganligi fuqarolarning huquqiy bilimi yetarli emasligini, bu borada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari, mahalla profilaktika inspektorlari olib borayotgan ishlar, shuningdek, bunga mas’ul shaxslarning sud bilan hamkorligi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligini ko‘rsatmoqda.
Zafar USMONOV
Fuqaroik ishlari bo‘yicha
G‘ijduvon tumanlaro sudi raisi
Azizjon SHARIPOV, Gulsara SATTOROVA,
Fuqarolik ishlari bo’yicha
G’ijduvon tumanlararo sudi sudyasi.