Korrupsiya – davlat va jamiyat rivojiga qo‘yilgan to‘siq

Korrupsiya davlat va jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga putur yetkazuvchi og‘ir jinoyatdir. Ushbu jinoyatning ko‘p turlari mavjud: pora berish va pora olish, tovar va moddiy boyliklarni o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish va boshqalar. Korrupsiya keng tus olgan tashkilot tizimlarida tadbirkolik, shu jumladan, ijtimoiy tadbirkorlik va davlat-xususiy sheriklik o‘z rivojini topa olmaydi. Bunday holatlar esa mamlakatning umumiy boyligi kamayishiga olib keladi. Yuqoridagi oqibatlar bilan bir qatorda, korrupsiya davlat tomonidan ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish uchun ajratilayotgan pul mablag‘laridan to‘g‘ri foydalanilmasligiga, yaʼni davlat byudjeti xarajatlarining asossiz o‘sishiga sabab bo‘ladi.

Korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirish va BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasiga aʼzo davlatlar o‘rtasida hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida Maxsus doimiy konferensiya tashkil etilgan bo‘lib, ushbu konferensiyaning kotibiyat vazifalari BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha Idorasi orqali bosh kotib tomonidan amalga oshiriladi. Bosh kotib ishtirokchi-davlatlarga zarur maʼlumotlarni taqdim etadi, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro darajada muvofiqlashtirishni taʼminlaydi. Konferensiya har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladi.

Bugungi kunga kelib O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimi yaratilgan. Prezidentimiz va hukumat tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashga katta eʼtibor qaratilmoqda. 2017 yil yanvar oyida esa O‘zbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi” Qonuni qabul qilindi.

“Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri” yuritiladi.

Reyestrga kiritilgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:

* davlat xizmatiga qabul qilinishi va davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi;

* saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodlarining ko‘rsatilishi;

* davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning aʼzoligiga kiritilishi;

* ularning tadbirkorligi davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik bitimida ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashishi;

* davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar hamda davlat taʼlim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishi.

Shuningdek, Farmonga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etiladi.

Deklaratsiyani berishdan bosh tortish va qasddan noto‘g‘ri maʼlumotlarni kiritish uni davlat xizmatidan chetlashtirishga va javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Joriy yil 1 yanvardan davlat xizmatchilariga xorijda bank hisobraqamlarini ochish, naqd pul mablag‘larini saqlash va boshqa mol-mulkka ega bo‘lish taqiqlanadi.

Mansabdorning o‘z shaxsiy manfaati majburiyatlarini obyektiv va xolis bajarishiga taʼsir ko‘rsatuvchi yoki taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar manfaatlar to‘qnashuvi hisoblanadi. Manfaatlar to‘qnashuvini oshkor qilish va oldini olish bo‘yicha chora ko‘rmaganlik javobgarlikni keltirib chiqaradi. Shu bilan birga “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 sentyabrdan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari onlayn ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadigan bo‘ldi.

O‘tgan yilning 1 oktyabridan barcha davlat organlari va tashkilotlari, viloyat hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. 2021 yilning 1 avgystidan esa davlat xaridlari sohasidagi tenderlar natijalari ochiq eʼlon qilinishi belgilandi.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi joriy etildi. Shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarning qarindoshlari ham davlat himoyasida bo‘lishi belgilandi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, bugungi kunda barcha hukumatlar, xususiy sektor tashkilotlari, nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va butun dunyodagi fuqarolar bu jinoyatga qarshi kurashish uchun kuchlarni birlashtirmoqda.

Ulug‘bek Bozorov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tuman sudi raisi