Mamlakatimizda xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish – davr talabi
Mamlakatimiz mustaqil rivojlanish yillari davomida ayollarning huquqlari va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʼyicha katta muvaffaqiyatlarni qoʼlga kiritdi. Oʼz-oʼzidan ayonki, respublikamizning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida xotin-qizlarning faol ishtirok etishini taʼminlash sohasidagi salmoqli muvaffaqiyatlarining ahamiyati ham salmoqlidir. Umuman, Oʼzbekistonda xotin-qizlarning jamiyatdagi oʼrni va mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Zero, jamiyat rivojini xotin-qizlarsiz, ularning ishtirokisiz tasavvur etib boʼlmaydi. Shu bois ayollarning oilada ham, davlat va jamoat ishlarida ham emin-erkin faoliyat yuritishlari, ularning huquq va manfaatlarini roʼyobga chiqarish yoʼlida mamlakatmiz miqyosida qator choratadbirlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan 2018 yil 2 fevralь kuni imzolangan «Xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish choratadbirlari toʼgʼrisida»gi Farmon ham bu boradagi saʼy-harakatlar samaradorligini yana bir yangi bosqichga olib chiquvchi muhim tarixiy hujjat boʼldi. Farmonda Oʼzbekiston Xotin-qizlar qoʼmitasining jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish maqsadida qoʼmita faoliyatining ustuvor yoʼnalishlari belgilab berildi. Oʼzbekiston Xotin-qizlar qoʼmitasi va uning hududiy boʼlinmalarining yangilangan tuzilmalari tasdiqlandi. Shu oʼrinda, Oʼzbekistonda ushbu yoʼnalishdagi meʼyoriy-huquqiy bazani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga toʼxtalish maqsadga muvofiq boʼladi. Oʼtgan yillar mobaynida ayollar manfaatlarini himoya qilishga yoʼnaltirilgan qariyb 100 ta milliy va xalqaro huquqiy hujjatlar qabul qilindi va ratifikatsiya qilindi.
Maʼlumki, mamlakatimiz Konstitutsiyasi ayollarning fundamental huquqlari himoyasini kafolatlovchi eng muhim hujjat hisoblanadi. Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qator farmon va qarorlari, jumladan, Davlat va jamiyat qurilishida ayollarning rolini oshirish toʼgʼrisida, Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sogʼlom avlodni shakllantirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida va boshqa koʼplab hujjatlar bor. Har yili muayyan yoʼnalishda qabul qilinayotgan maxsus davlat dasturlarining hayotga tatbiq etilishi doirasidagi rejali ishlar maʼlum darajada ayollarimizning hayot sharoiti va sifatini yaxshilashga ham aloqadordir. Bundan tashqari, Oʼzbekiston BMT va Xalqaro Mehnat tashkilotining qator konventsiyalarini Markaziy Osiyoda birinchilardan boʼlib ratifikatsiya qilgan. Ular orasida Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʼgʼrisida, Onalikni himoya qilish toʼgʼrisida, Mehnat va ish turlari sohasida kamsitishlar toʼgʼrisidagi va boshqa hujjatlar mavjud.
Oʼzbekistonning mustaqillik yillarida xotin qizlarga eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʼtarildi. Oila kodeksida turmushda, oilaviy munosabatlarda ayollarning erkaklar bilan teng huquqli ekani, oila davlat tomonidan muhofaza etilishi oʼz aksini topgan. Shu vaqtga qadar ayollar huquqi himoyalangan koʼplab qonun xujjatlari qabul qilindi. Аyniqsa, xotinqizlarimizni ish bilan taʼminlash, tabdirkorlik qilishlariga erkinlik berish, ragʼbatlantirish borasida sezilarli ishlarni kuzatish mumkin. Mehnat kodeksida homilador yoki uch yoshga toʼlmagan bolasi borligini vaj qilib, ishga qabul qilmaslikka haqqi yoʼqligi keltirib oʼtilgan. Аyollar tugʼruqdan soʼng ish oʼrnini yoʼqotmagan holda bola parvarishlashi, soʼng ishga qaytishi mumkin. Tugʼruq taʼtili paytida uni ishdan boʼshatib yuborish mumkin emas. Shuningdek, ayollarimizni aldov yoʼli bilan xorijda noqonuniy ishlashga olib ketish, ularni kamsitish va xoʼrlashga qarshi jadal ishlar olib boriladi. Yurtimiz BMTning ayollarning huquqlari, erkinlariga oid barcha tashabbuslarini qoʼllab-quvvatlab kelgan. Oʼzbekiston Xotin-qizlar qoʼmitasi ham ayollarimizning jamiyatdagi rolini oshirish uchun xizmat qilmoqda. Ularning dardu fikrini tinglab, oʼz yoʼllarini topishga xizmat qilishmoqda. Lekin shunday holatlar ham boʼladiki, ayol tushkunlikka tushib qoladi, huquqlarini bilmay xoʼrlanadi, yaqinlari tomonidan jazolanadi, oʼqib taʼlim olishga imkon topolmaydi, ish izlab sarson boʼladi, farzandlari bilan yolgʼiz qoladi va hakozo. Аynan shunday paytlarda jamiyat ayolni yolgʼizlatib qoʼymasligi kerak. Shu maqsadda ayollar uchun psixologik markazlar, maslahatxonalar, tibbiy, moddiy, huquqiy yordam tashkilotlari koʼpaytirilsa, ular ayollarning muammolarini hal etishga sidqidildan yordam bersalar, jamiyatda baxtsiz ayollar soni oshmaydi. Mazkur muhim masalalarga majmuaviy yondashuv tufayli ana shunday natijalar qoʼlga kiritilmoqda. Chunki mamlakatimizda nafaqat mustahkam huquqiy zamin, balki samarali institutsional baza ham mavjuddir. Misol tariqasida Oʼzbekiston Xotin-qizlar qoʼmitasi faoliyatini koʼrsatish mumkin. Mazkur jamoatchilik tashkiloti aholining ushbu qatlamini qoʼllab-quvvatlash va ularning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmiga aylangan.
Mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etilayotgan bir sharoitda ayollar ijtimoiy va siyosiy faolligining oʼsishi juda muhim omil hisoblanadi. Kundek ravshanki, Oʼzbekistonda mustaqil taraqqiyot yillari mobaynida bu yoʼlda salmoqli natijalar qoʼlga kiritildi. Shubha yoʼqki, ayollarga yashash, mehnat qilish va yosh avlodni tarbiyalashlari uchun yaratilgan va yaratilayotgan qulay sharoitlar bundan keyin ham mamlakatimizning yanada zalvorli muvaffaqiyatlarni zabt etishiga xizmat qilishi shubxasiz.
Ilxom Djuraev,
Fuqarolik ishlari boʼyicha
Qorakul tumanlararo sudi raisi
Aziz Safarov,
Fuqarolik ishlari boʼyicha
Qorakul tumanlararo sudi sudyasi