Iqtisodiy sudlarda muayyan moddiy-huquqiy nizo

Ma’lumki, iqtisodiy sudlarga ish bo‘yicha taraflar muayyan moddiy-huquqiy nizo yuzasidan murojaat qiladi va ayni shu nizo bo‘yicha taraflar bir-birlariga nisbatan sudda o‘z huquq va manfaatlarini himoya qiladi. Mavjud nizo bo‘yicha iqtisodiy ish sud tomonidan hal qiluv qarorini qabul qilish bilan yakunlanishi yoki taraflar o‘rtasida kelishuvga erishish munosabati bilan o‘z nihoyasiga yetishi mumkin.

Tadbirkorlik sub’ektlari uchun nizolarning sudlar tomonidan qanchalik tez qonuniy va adolatli hal etib berilishi ular uchun har tomonlama manfaatli hisoblanishi hech kimga sir emas. Xuddi shu maqsadda bugungi kunga kelib amaldagi protsessual qonunchiligimizda nizolarni sud tomonidan hal etishning tezkor jarayonlaridan biri sifatida taraflar o‘zaro kelishuv bitimini tuzishga imkoniyat yaratilganini ta’kidlashimiz joiz.

Darhaqiqat, kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuvni tuzish sud jarayonini soddalashtirish, uni tezroq yakunlash orqali muammolarni hal etishning samarali usuli sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Iqtisodiy sudlarda muayyan iqtisodiy ishni ko‘rib chiqish jarayonida har doim taraflarning huquq va manfaatlaridan kelib chiqib, sud tomonidan ularga nizolarni o‘zaro kelishuv yo‘li bilan hal etishlariga imkoniyat yaratib beriladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 163-moddasining birinchi qismi 8-bandida sudya ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida taraflarni kelishtirish choralarini ko‘rishi belgilangan.

Taraflar o‘zaro kelishuvga erishishlarining hosilasi sifatida kelishuv bitimi tuzishlari mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 131-moddasi mazmuniga ko‘ra kelishuv bitimi iqtisodiy sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida tuzilishiga imkoniyat yaratilgan. Sud ish yurituvining har qanday bosqichida kelishuv bitimi tuzilishiga yo‘l qo‘yilishi yuqorida ta’kidlaganimizdek taraflar nizolarni o‘zaro kelishish orqali hal etishlariga imkoniyat yaratilganligi deb tushunish mumkin.

Eng asosiysi, yarashtirish tartib-taomili har qanday iqtisodiy nizoni hal qilishning taraflar uchun samarali mexanizmi ekanligi o‘z isbotini topgan. Yarashtirish-tartib-taomili qo‘llanganda taraflar o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari, kelgusida yana birgalikda iqtisodiy munosabatlarni davom ettirish imkoniyatlari hamda boshqa motivlar asosida kelishuvga erishish imkoniyatlari saqlanib qoladi.

Iqtisodiy sudlar tomonidan hal etiladigan iqtisodiy ish sifatida to‘lovga qobiliyatsizlik bilan bog‘liq ishlar alohida ahamiyat kasb etadi. Bunday nizolarni hal etishda asosiy e’tibor protsessual qonun talablari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonuniga ham qaratiladi. Alohida toifa sifatida e’tirof etiladigan to‘lovga qobiliyatsizlik ishlari doirasida ham ishni kelishuv bitimi tuzish orqali hal etilishi mumkinmi degan masalaga to‘xtalsak.

To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlarda ham taraflar kelishuv bitimini tuzish orqali nizoni hal etishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunining 161-moddasida qarzdor va kreditorlar sud tomonidan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishning har qanday bosqichida kelishuv bitimini tuzishga haqli ekanligi belgilangan. Kreditorlar nomidan kelishuv bitimini tuzish haqidagi qaror kreditorlar yig‘ilishi tomonidan qabul qilinadi. Kelishuv bitimi qarzdor nomidan tegishincha qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor yoki qarzdorning rahbari, tashqi boshqaruvchi, tugatish boshqaruvchisi yoxud moliyaviy boshqaruvchi tomonidan tuziladi.

To‘lovga qobiliyatsizlik ishi doirasida kelishuv bitimini tuzishda da’vo tartibidagi boshqa ishlarda kelishuv bitimining tuzilishida bir qator jihatlari bilan farqlanadi. Xususan, to‘lovga qobiliyatsizlik ishi doirasida kelishuv bitimini tuzish uchun sud xarajatlari, sud boshqaruvchilariga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar, joriy kommunal va foydalanish to‘lovlari, qarzdorning mol-mulkini sug‘urta qilish xarajatlari, shuningdek, qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilganidan keyin yuzaga kelgan joriy to‘lov majburiyatlari bo‘yicha talablar hamda fuqaroning hayotiga yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilganligi uchun shu fuqaroning talablari qanoatlantirilishi hamda ish haqini to‘lash uchun pul mablag‘lari berilishini nazarda tutuvchi to‘lov hujjatlariga doir talablar qanoatlantirilganidan keyin sud tomonidan tasdiqlanishi mumkin.

Mazkur talablarning bajarilmasligi sud tomonidan kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etilishiga olib kelishi mumkin.
Lekin, iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘riladigan boshqa da’vo tartibidagi ishlar bo‘yicha tuziladigan kelishuv bitimlaridan oldindan ma’lum bir xarajatlarni qoplanishi talab etilmaydi va u qonun hujjatlari talablariga zid bo‘lmasa, boshqa shaxslarning huquq va manfaatlariga daxl etmasa hamda shart asosida tuzilgan bo‘lmasa kelishuv bitimi tasdiqlanishi mumkin.

To‘lovga qobiliyatsizlik ishi doirasida kelishuv bitimi tuzilishini o‘ziga xos jihatlaridan biri sifatida demak, yuqorida ta’kidlangan ma’lum bir xarajatlar oldindan to‘lanishi bilan bog‘liq talablarning mavjudligi deb e’tirof etishimiz mumkin.

To‘lovga qobiliyatsizlik ishi doirasida kelishuv bitimini tasdiqlashning yana bir o‘ziga xos jihati, bu uning sudga taqdim etish muddati bilan bog‘liqdir. Ya’ni qarzdor, tashqi boshqaruvchi yoki tugatish boshqaruvchisi kelishuv bitimi imzolangan paytdan e’tiboran besh kun ichida sudga kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi arizani taqdim etishi kerak.

Qonunchilik bu turdagi kelishuv bitimini tasdiqlash uchun arizaga ilova qilinadigan hujjatlar ro‘yxatini ham qat’iy qilib belgilagan. Bu ham mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha kelishuv bitimini tuzishning yana bir o‘ziga xos xususiyatini anglatadi.

Bu toifadagi ishlar bo‘yicha kelishuv bitimining yana bir o‘ziga xos xususiyati kelishuv bitimining sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi bilan bog‘liq protsessual jihatlaridir. Agar kelishuv bitimi ayrim kreditorlar uchun afzalliklar berilishini yoki ayrim kreditorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishini nazarda tutuvchi shartlarni o‘z ichiga olgan bo‘lsa yoki bitimlar haqiqiy emasligining qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslari mavjud bo‘lganda sud tomonidan tuzilgan kelishuv bitimi haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Tadbirkorlik sub’ekti o‘zining faoliyati jarayonida iqtisodiy jihatdan ma’lum bir qiyinchiliklarga duch kelib, natijada bankrotlik darajasigacha yetib kelsa, bu holat mazkur sub’ekt uchun faoliyatining o‘z nihoyasiga yetganini anglatmaydi. Aksincha, amaldagi “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunda qarzdor korxonani to‘lovga qobiliyatliligini tiklash uchun barcha huquqiy asoslar mustahkamlangan. To‘g‘ri tanlangan biznes reja va faoliyatini qayta tiklash bilan bog‘liq maqsadli rejalarning amalga oshirilishi natijasida kreditorlar oldidagi majburiyatlar to‘liq bajarilsa, qonun bunday holatda kelishuv bitimini tuzish orqali nizoning hal etilishiga har tomonlama huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qiladi.

Н.Зоиров

Ромитан туманлараро иқтисодий суди раиси