OILAVIY ZO‘RAVONLIK: JAMIYATNING OG‘RIQLI NUQTASI
Bugungi kunda O‘zbekiston jamiyatida inson huquqlarini ta’minlash, xususan, oiladagi tinchlik va osoyishtalikni saqlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Biroq shunga qaramay, oilaviy zo‘ravonlik holatlari hanuzgacha dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Bu nafaqat jabr ko‘rgan shaxslar hayotiga, balki butun jamiyatning barqarorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Oilaviy zo‘ravonlik – bu faqat jismoniy tazyiq emas. U psixologik, iqtisodiy, jinsiy va ma’naviy zo‘ravonlik shaklida namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasining “Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunida ham oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashishning huquqiy asoslari mustahkamlab qo‘yilgan.
2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi IIV tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilga nisbatan oilaviy zo‘ravonlikka oid murojaatlar soni 12 foizga oshgan. 2024-yilda 22.000 dan ortiq ayollar “Ayollar daftari”ga kiritilgan, shundan 6.000 nafari oilaviy zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan.
Eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan. Bundan tashqari, 2024-yilning o‘zida 3.800 dan ortiq himoya orderlari berilgan.
2020-yilda qabul qilingan “Ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun asosida ichki ishlar organlari, prokuratura va sudlar tomonidan kompleks chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan zo‘ravonlarga nisbatan yashash joyini o‘zgartirish, taqiq qo‘yish va hatto jinoiy javobgarlik belgilanishi hollari ko‘paymoqda.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 1101-moddasiga ko‘ra, oilaviy zo‘ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanib, bu holatlar endilikda “yengil jinoyat” emas, balki jiddiy ijtimoiy xavfli xatti-harakat sifatida ko‘rilmoqda.
Oilaviy zo‘ravonlik natijasida yuzaga keladigan ruhiy travmalar bolalarning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, bu holatlar jamiyatda gender tengligining buzilishiga, ayollar va bolalar orasida tushkunlik, ishonchsizlik va hatto o‘z joniga qasd qilish darajasigacha olib kelmoqda.
1. Zo‘ravonlikka duch kelgan har bir fuqaro uchun tezkor va ishonchli yordam tizimini takomillashtirish zarur.
2. Sud-huquq sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislar uchun gender zo‘ravonligi bo‘yicha malaka oshirish kurslari joriy etilishi lozim.
3. Maktabgacha ta’limdan boshlab, oilaviy madaniyat va muomala etikasini o‘rgatish tizimlashtirilishi kerak.
Oilaviy zo‘ravonlik – bu nafaqat huquqiy, balki ijtimoiy-psixologik muammo. Ushbu masalaga jamiyatning barcha qatlamlari jiddiy qarashi lozim. Ayniqsa, sud-huquq tizimida ishlashni istagan yosh mutaxassislar bu borada faol, xolis va huquqiy asoslangan yondashuvga ega bo‘lishi talab etiladi.
Zo‘ravonlikka qarshi kurashish – bu kurash emas, bu insoniylikni saqlab qolishdir!
Sh.Quvvatov, N.Jo‘rayev, Z.Sherov
Buxoro viloyat sudi jinoyat ishlari
bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari
F.Sharapov
Buxoro viloyat sudi bosh konsultanti