FIRIBGARLIK: JAMIYATGA SOYA SOLUVCHI JINOIY HODISA
“Firibgarlik – ishonchni suiiste’mol qilish orqali qo‘lga kiritilgan boylik emas, balki jamiyat ishonchini yemiruvchi jinoyatdir.”
Bugungi globallashuv jarayonida axborot oqimi tezligining ortishi, raqamli texnologiyalarning keng qo‘llanilishi bilan bir qatorda, turli jinoyat turlari, xususan, firibgarlik jinoyatlarining shakl va ko‘lamlari ham o‘zgarib bormoqda. Yangi davr jinoyatchiligi sifatida talqin etilayotgan firibgarlik jamiyatda eng ko‘p uchraydigan, eng ko‘p ishonchni suiiste’mol qiluvchi jinoyatlardan biridir.
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 168-moddasida firibgarlik quyidagicha izohlangan: “Firibgarlik — aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini qo‘lga kiritish”. Bu jinoyat shakli o‘zining murakkabligi va turfa usullari bilan boshqa jinoyatlardan ajralib turadi. Ko‘p hollarda jabrlanuvchi firibgar tomonidan emas, balki o‘zining soddaligi yoki qonunga nisbatan loqaydligi sababli zarar ko‘radi.
Ichki ishlar vazirligi hamda Bosh prokuratura organlari tomonidan e’lon qilingan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yil davomida mamlakatimizda firibgarlik bilan bog‘liq 13 000 dan ortiq jinoyat qayd etilgan. Ularning aksariyati Toshkent shahri, Farg‘ona, Samarqand va Andijon viloyatlarida sodir etilgan. Bu esa aholining firibgarlik xavfiga nisbatan yetarli darajada huquqiy xabardor emasligini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda firibgarlik jinoyatining quyidagi shakllari keng tarqalgan:
Internet firibgarligi: Soxta saytlar, “sovrinli o‘yinlar”, onlayn do‘konlar orqali odamlarni aldash.
Kredit firibgarligi: Soxta hujjatlar yordamida banklardan kredit olish.
Davlat subsidiyalarini o‘zlashtirish: Talab qilinmagan hujjatlar bilan davlat mablag‘ini noqonuniy olish.
Ishga joylashtirish va viza masalalarida firibgarlik: Chet elga ishga yuborish yoki davlat idoralariga ishga kiritishni va’da qilib, pul olish holatlari.
Firibgarlik jinoyati uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining
168-moddasiga binoan quyidagi jazolar belgilangan:
Bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 200 baravarigacha jarima;
360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish.
Agar firibgarlik takror sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy guruh tomonidan yoki katta miqdordagi zarar yetkazilgan bo‘lsa, jazolar yanada og‘ir bo‘ladi – 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish ko‘zda tutilgan.
Firibgarlik – bu faqat bir shaxsning moliyaviy yo‘qotishi emas, balki umuman jamiyatda ishonch muhitining yemirilishiga olib keladigan xavfli jinoyatdir. Bunday jinoyatlarni oldini olish uchun faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki har bir fuqaro hushyor, xabardor va huquqiy jihatdan bilimli bo‘lishi kerak. Ayniqsa, sud tizimi axborot xizmatlari tomonidan olib borilayotgan yorituvlar va tahlillar jamiyatda firibgarlik holatlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishi lozim.
Sh.Quvvatov, N.Jo‘rayev, Z.Sherov
Buxoro viloyat sudi jinoyat ishlari
bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari
F.Sharapov
Buxoro viloyat sudi bosh konsultanti