GENDER TENGLIGI — JAMIYAT TARAQQIYOTINING ASOSI

Bugungi globallashuv davrida ijtimoiy tenglik, ayniqsa, gender tengligi masalasi har bir demokratik jamiyatning taraqqiyot mezoniga aylangan. Gender tengligi — bu erkaklar va ayollar teng huquqlarga, teng imkoniyatlarga ega bo‘lishini anglatadi. O‘zbekiston ham ushbu yo‘nalishda izchil islohotlarni amalga oshirib, xalqaro tajriba va tamoyillar asosida adolatli ijtimoiy muhit yaratishga intilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasida: «Erkaklar va ayollar teng huquqlidirlar», — deb belgilangan. Bundan tashqari, 2019-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun mazkur prinsipni amaliyotga joriy etishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, Prezident farmoniga muvofiq 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan “Gender tenglikka erishish strategiyasi” tasdiqlanib, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar va erkaklar ishtirokini muvozanatlashtirish, ularning huquq va manfaatlarini teng himoya qilish choralari belgilandi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra:

2024-yil holatiga ko‘ra O‘zbekiston aholisi sonining 49,8 foizini ayollar tashkil etadi;

Mehnat bozorida ayollar ulushi 46 foizdan oshgan;

Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar orasida qizlar soni 44 foizni tashkil qilmoqda;

Parlament tarkibida ayollar ulushi 32 foizga yetgan (2015-yilda bu ko‘rsatkich 16 foiz edi).

Bu raqamlar ayollar faolligi ortayotganini ko‘rsatsa-da, hali ham gender disbalans mavjudligi inkor etilmaydi. Jumladan, yuqori lavozimlar, texnik va IT sohalarida ayollar ishtiroki kam. Aynan shu holat gender tengligini chuqurlashtirishga qaratilgan yangi yondashuvlarni talab etmoqda.

Afsuski, jamiyatimizda hanuz ayolni faqatgina uy-ro‘zg‘or ishlari bilan cheklovchi qarashlar mavjud. Ayrim hududlarda qizlarning erta turmush qurishi, ta’limdan chetda qolishi, mehnatga bo‘lgan imkoniyatlarining cheklanishi — bu sohadagi eng katta muammolardandir. Shu bois, gender tengligini ta’minlashda faqat qonunlar emas, balki ong, tafakkur, madaniyat darajasining ham o‘zgarishi zarur.

Ayollar yetakchiligining oshishi — nafaqat gender tengligi, balki ijtimoiy adolat va iqtisodiy yuksalishning kafolatidir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotiga ko‘ra, ayollar faol ishtirok etayotgan davlatlarda ijtimoiy barqarorlik, korrupsiyaga qarshi kurashish darajasi yuqori bo‘ladi.

Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimizda ta’lim muassasalarida qizlar yetakchiligi, ularga motivatsion dasturlar, grantlar va mentorlik loyihalarini kengaytirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Xususan, “Temurbeklar maktabi”, “Zulfiya nomidagi davlat mukofoti”, “Ayollar akademiyasi” kabi tashabbuslar bu borada muhim qadamlar bo‘ldi.

  Gender tengligi — bu faqat ayollarning muammosi emas, balki jamiyatning umumiy masalasi. Ayol kuchi va salohiyati e’tirof etilgan jamiyat hech qachon orqada qolmaydi. Teng huquqli, teng imkoniyatli, teng mas’uliyatli fuqarolarning jamiyati barqaror va taraqqiyotga yo‘naltirilgan bo‘ladi.

Bugun biz gender tengligi yo‘lida faol ishtirok etib, bu boradagi islohotlar targ‘ibotchisiga aylansak, ertangi kunimiz yanada yorqin va adolatli bo‘ladi.

Sh.Quvvatov, N.Jo‘rayev, Z.Sherov

Buxoro viloyat sudi jinoyat ishlari

bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari

F.Sharapov

Buxoro viloyat sudi bosh konsultanti