Merosxo‘rlar doirasiga kimlar kiradi? Kimlar noloyiq merosxo‘r hisoblanadi? Merosdan chetlashtirishni rasmiylashtirish tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1118-moddasiga asosan meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan fuqarolar, shuningdek meros qoldiruvchining hayotlik paytida homila holida bo‘lgan va meros ochilgandan keyin tirik tug‘ilgan bolalari vasiyat va qonun bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin. Qolaversa, meros ochilgan paytda tuzilib bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin.

Demak, marhumning vasiyatnomasida ko‘rsatilgan shaxs (jismoniy va yuridik shaxs)lar, hamda davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Fukarolik kodeksining 1135-1139-moddalariga asosan qonun bo‘yicha merosxo‘rlarning 5 ta navbati mavjud.

1.Meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar. Meros qoldiruvchining vafotidan keyin tug‘ilgan bolalari ham birinchi navbatdagi vorislar jumlasiga kiradilar.

2.Meros qoldiruvchining tug‘ishgan hamda ona (ota) bir ota (ona) boshqa aka-ukalari va opa-singillari, shuningdek uning ham ota, ham ona tarafdan bobosi va buvisi teng ulushlarda qonun bo‘yicha ikkinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar.

3.Meros qoldiruvchining tug‘ishgan amakisi, tog‘asi, ammasi va xolasi teng ulushlarda qonun bo‘yicha uchinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar.

4.Meros qoldiruvchining oltinchi darajagacha (oltinchi daraja ham shunga kiradi) bo‘lgan boshqa qarindoshlari qonun bo‘yicha to‘rtinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar, bunda yaqinroq qarindoshlar uzoqroq qarindoshlarga nisbatan meros olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar.

Vorislikka chaqiriladigan to‘rtinchi navbatdagi vorislar teng ulushlarda meros oladilar.

5.Meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz boqimlari, agar ular ushbu Kodeksning 1141-moddasi asosida meros olmasalar, qonun bo‘yicha beshinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar.

Bundan tashqari, mazkur Kodeksning 1140-moddasida “Taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik” belgilangan.

Jumladan, taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik qonun bo‘yicha merosxo‘r meros ochilgunga qadar vafot etgan taqdirda, unga tegishli ulush uning avlodlariga o‘tishini nazarda tutadi, bunda ulush taqdim qilinayotgan qonun bo‘yicha merosxo‘r bilan bir xil darajada qarindosh bo‘lgan avlodlar o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Bola, nevara, chevara, evara merosxo‘rligida taqdim qilish huquqi qarindoshlik darajasi cheklanmagan holda amal qiladi, yon qarindoshlik bo‘yicha merosxo‘rlikda taqdim qilish huquqiga meros qoldiruvchining tug‘ishgan aka-ukalari (opa-singillari) nomidan uning jiyanlari yoxud meros qoldiruvchining tug‘ishgan amakisi (tog‘asi) yoki ammasi (xolasi) nomidan uning amakivachchalari (tog‘avachchalari) va ammavachchalari (xolavachchalari) ega bo‘ladilar.

Merosni qabul qilib olish huquqining o‘tishi (meros transmissiyasi) Kodeksning 11401-moddasi tartibi asosida amalga oshiriladi.

Xususan, vasiyatnoma bo‘yicha yoki qonun bo‘yicha vorislikka chaqirilgan merosxo‘r meros ochilganidan keyin uni qabul qilib olishga ulgurmasdan vafot etgan bo‘lsa, unga tegishi kerak bo‘lgan merosni qabul qilib olish huquqi uning qonun bo‘yicha merosxo‘rlariga, agar barcha meros mol-mulk vasiyat qilingan bo‘lsa, uning vasiyat bo‘yicha merosxo‘rlariga o‘tadi (meros transmissiyasi). Meros transmissiyasi tartibida merosni qabul qilib olish huquqi bunday merosxo‘rning vafotidan keyin ochilgan meros tarkibiga kirmaydi.

Vafot etgan merosxo‘rga tegishli merosni qabul qilib olish huquqi uning merosxo‘rlari tomonidan umumiy asoslarda amalga oshirilishi mumkin.

Meros qoldiruvchi o‘zining oxirgi xohish-irodasini amalga oshirishiga qasddan to‘sqinlik qilgan va shu orqali o‘zlarining yoki o‘zlariga yaqin shaxslarning vorislikka chaqirilishiga yoxud merosning o‘zlariga yoki o‘zlariga yaqin shaxslarga tegishli ulushi ko‘paytirilishiga imkon yaratgan shaxslar vasiyatnoma bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham meros olish huquqiga ega emaslar.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1119-moddasi qoidalari vasiyat majburiyatiga nisbatan ham qo‘llaniladi. Shuningdek, ushbu qoidalar har qanday merosxo‘rlarga, shu jumladan majburiy hissa olish huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘rlarga ham taalluqlidir.

Ikromjon Toshov,

Buxoro viloyat sudi sudyasi

Aziz Safarov,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumanlararo sudi sudyasi