Otalikni belgilash va aliment undirish haqida
Mamlakatimizda istiqlol yillarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar majmuasida sud-huquq islohotlari, xususan, fuqarolarning huquqiy madaniyati va huquqiy ongini yuksaltirish borasida amalga oshirib kelinayotgan ishlar alohida muhim o‘rin egallaydi.
Yurtimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismonan va ma’naviy barkamol qilib tarbiyalash masalasiga mamlakat istiqbolini belgilovchi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qaralib, qator ijobiy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oilani mustahkamlash, onalik va bolalikni davlat tomonidan muhofaza qilinishi kafolatlangan.
Bugungi kunda, sudlarda otalikni belgilash va voyaga yetmagan farzandlar ta’minoti uchun aliment undirish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha fuqarolik nizolari ancha ko‘paygan.
Bizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 61-moddasiga ko‘ra, bolaning onasi bilan nikohda bo‘lmagan shaxsning otaligi o‘zini bolaning otasi deb tan olgan shaxs va onaning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organiga birgalikda topshirgan arizasiga binoan belgilanadi. Ona vafot etganda, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda, onaning qayerdaligini aniqlash imkoniyati bo‘lmaganda yoki u onalik huquqidan mahrum qilinganda, otalik vasiylik va homiylik organi bilan kelishilgan holda o‘zini bolaning otasi deb tan olayotgan shaxsning arizasiga binoan belgilanadi. Bolaning otasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, otalikni belgilash to‘g‘risidagi arizani uning nomidan vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan uning homiysi berishi mumkin. Otalikni belgilash to‘g‘risidagi ariza bolaning tug‘ilganligini qayd etish vaqtida, shuningdek bola tug‘ilganligi qayd etilgandan keyin ham berilishi mumkin. Agar otalikni belgilash to‘g‘risida bola tug‘ilgandan so‘ng er-xotin birgalikda ariza berishining imkoni bo‘lmay qolishi yoki mushkul bo‘lishini ko‘rsatuvchi asoslar mavjud bo‘lsa, tug‘ilajak bolaning o‘zaro nikohda bo‘lmagan ota-onasi shunday arizani ona homiladorlik vaqtida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga berishga haqli. Otalikni belgilash rad etilganda, o‘zini bolaning otasi deb tan olgan shaxs sud tartibida shikoyat qilishi mumkin.
O‘zaro nikohda bo‘lmagan ota-onadan bola tug‘ilgan taqdirda, ota-onaning birgalikdagi arizasi yoki bola otasining arizasi bo‘lmasa, yuqorida ko‘rsatilgan hollarda otalik sud tartibida belgilanishi mumkin. Otalikni sud tartibida belgilash ota-onadan birining yoki bolaning vasiysi (homiysi)ning yoxud bola kimning qaramog‘ida bo‘lsa, shu shaxsning arizasiga, shuningdek bola voyaga yetganidan keyin uning o‘zi bergan arizaga muvofiq amalga oshiriladi. Otalikni belgilayotganda sud bolaning onasi bola tug‘ilishiga qadar javobgar bilan birga yashaganligi va umumiy ro‘zg‘or yuritganligi yoki ular bolani birgalikda tarbiyalaganliklari yoxud ta’minlab turganliklarini yoki javobgarning otalikni tan olganligini aniq tasdiqlovchi boshqa dalillarni e’tiborga oladi. Bolaning onasi bilan nikohda bo‘lmagan, lekin o‘zini bolaning otasi deb tan olgan shaxs vafot etgan taqdirda uning otalik fakti sud tomonidan belgilanishi mumkin. Otalikni belgilash to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin sud shu qaror nusxasini bola tug‘ilganligi ro‘yxatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuboradi.
Oila qonunchiligiga binoan ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart. Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi. Voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga da’vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir.
Aliment ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadidan bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi, ikki bola uchun – uchdan bir qismi, uch va undan ortiq bola uchun — yarmi miqdorida undiriladi.
Voyaga yetmagan yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga aliment to‘lash haqidagi sudning hal qiluv qarorini bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslar ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Aliment undirish ota-ona uchun ma’qul bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’iy nazar bolalarning kerakli tarbiya va ta’minot olishlari, sog‘lom ulg‘ayishlari uchun zarur chora-tadbirlardan biri hisoblanadi.
Sarvinoz Qambarova,
Buxoro viloyat sudi sudyasi
Oybek Shomurodov
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudi sudyasi