Tadbirkorlar huquqi sud himoyasida
Har qanday sohada ortiqcha tartib, byurokratiya va to‘siqlarning mavjudligi yoki amalda bo‘lishi pirovardida o‘sha soha rivojiga salbiy ta’sir etmay qolmaydi.
Shu ma’noda, tadbirkorlik sohasi ham o‘ziga cheklangan tarzda va faqatgina qonunga muvofiq aralashuvni qabul qiladi. U ortiqcha tartib-taomillar bilan kelisha olmaydi.
Chunki, tadbirkorlik davlatning cheklangan tarzda aralashuvi va bu faoliyatning erkinlik huquqi davlat tomonidan kafolatlangan hamda qonunlarda sohaga oid ortiqcha cheklovlar, tartib-taomillar bo‘lmagan bir huquqiy maydondagina yuqori suratlarda rivojlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 24-moddasiga ko‘ra, fuqaro yakka tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga haqlidir. Fuqarolarning yuridik shaxs tashkil etmasdan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan, agar qonunchilikdan yoki huquqiy munosabat mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, ushbu Kodeksning qoidalari qo‘llaniladi.
Shu kodeksining 41-moddasiga ko‘ra, yuridik shaxs o‘zining ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyati maqsadlariga muvofiq fuqarolik huquq layoqatiga ega bo‘ladi. Yuridik shaxsning huquq layoqati
u tuzilgan paytdan boshlab vujudga keladi va uni tugatish yakunlangan paytdan e’tiboran tugatiladi. Kodeksning 44-moddasiga muvofiq, yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
Demak, respublikamizda davlatning tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro munosabatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Fuqarolik kodeksi, Soliq kodeksi, “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “To‘lov qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari kabi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olishdan tortib uning faoliyatida yuzaga keladigan tartib-taomillarni belgilovchi, shuningdek, tadbirkorlik subyektini tugatish jarayonlarida vujudga keladigan huquqiy munosabatlarni tartibga solinadi.
Agar, sohada ilg‘or xalqaro tajribaga e’tibor qaratsak, ushbu soha faoliyatini tartibga soluvchi katta yukka ega bo‘lgan qonunchilik ba’zasini uchratmaysiz. Aksincha, sohani tartibga solish emas, soha faoliyatiga ko‘proq huquq berish- “qonun hujjatlari qancha kam bo‘lsa, huquq shuncha ko‘p bo‘ladi” degan ibora amaliyotga tatbiq etilgan.
YA’ni, tadbirkorlik va xususiy mulk sohasida ancha muncha taraqqiy etgan davlatlarda “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi kabi qonunlar va boshqa qonun hujjatlari kam uchraydi.
Aksariyat tadbirkorlik va iqtisodiyoti yuksak taraqqiy etgan davlatlarda davlat va tadbirkorlik subyektlarini bog‘lab turuvchi asosiy vosita bu soliq to‘lovigina bo‘lib hisoblanadi. Bu kabi davlatlarda tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga u yoki bu
tarzda aralashuvga olib keladigan huquqiy bazadan voz kechish, bu boradagi huquqiy makon va shart-sharoitning negizini “tadbirkorlik subyektlari faoliyatining erkinligi – davlat iqtisodiy yuksalishining asosi”, -degan tamoyil tashkil etadi.
Mavjud milliy qonunchiligimizning ba’zasida ham tadbirkorlik faoliyati subyektlari erkinligi, ular huquq va manfaatlari ustuvorligi, ular faoliyatiga davlat va davlat organlari ortiqcha aralashuvining kafolatlarini ta’minlash mustahkamlab qo‘yilgan.
Biroq, shu bilan birga belgilangan ayrim me’yorlar davlatning tadbirkorlik faoliyatida cheklangan tarzda ishtiroki tamoyiliga to‘la mos kelmaydi.
Tadbirkorlik faoliyatining tamoyillariga muvofiq bo‘lmagan holatlar esa, tadbirkorlikning rivojiga albatta to‘siq bo‘ladi, bu faoliyatning oqsashiga yoki sohaning depsinib bir o‘q atrofida aylanib qolishiga zamin yaratib qo‘yishi mumkin.
Shu asosda davlat qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlar doirasidagina tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etish, sohani ortiqcha tartibga solishga, ortiqcha tartibot belgilashga qaratilgan norma ijodkorligiga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.
Shuningdek, davlat tadbirkorlik va raqobatni rivojlantirish maqsadida tadbirkorlik sohasidagi davlat korxonalarini va ustav fondida davlat ulushi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslarni tashkil etishni cheklash, xususiylashtirish va xususiy mulkka izchil, tizimli e’tibor qaratish orqali tadbirkorlik sohasida davlat ulushini kamaytirishga, tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar bilan o‘zaro munosabatlarida ma’lum cheklov institutlaridan keng foydalanishi lozim bo‘ladi.
Ana shunday maqsadda, tadbirkorlik faoliyatining muhim tamoyili bo‘lgan davlatning tadbirkorlik faoliyatida cheklangan tarzda ishtiroki tamoyilining qonunlarda va amaliyotda to‘la aks etishi uchun bu sohada amaldagi qonun hujjatlari me’yorlari hamda tashabbus qilinayotgan norma ijodkorligi jarayonida yuqorida qayd etilgan tamoyil e’tibordan chetda qolmasligi, amaliyotda esa, ushbu sohadagi huquqni qo‘llovchi subyektlar og‘ishmay mazkur tamoyilning konseptual asoslariga rioya etishlari talab etiladi.
Nodirbek Fayziyev,
Buxoro viloyat sudi raisi o‘rinbosari
Zubayda Kurbonova,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudi sudyasi