NAZORATNING SAMARADORLIGI – KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISHNING MUHIM OMILIDIR
Bugungi kunda davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida Konstitutsiyaga bir qancha muhim o‘zgartirishlar kiritilayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Xususan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi korrupsiyaga qarshi kurashning institutsional asoslarini va uning parlament bilan o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.
Parlamentning O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi yillik Milliy ma’ruzani ko‘rib chiqish vakolatlari ham konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangan hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarini tayinlash to‘g‘risidagi farmonni Senat tomonidan tasdiqlash tartibi belgilab qo‘yilgan.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasida korrupsiyaga qarshi kurashning eng muhim omili – ochiqlikni taminlash ham o‘rin olgan. Xususan, har bir insonning global axborot tarmog‘iga kirish va undan bepul foydalanish huquqi belgilangan. Shu bilan birga, davlat budjetini shakllantirish va ijro etish tartibi ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga asoslanishi, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan uning ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi nazarda tutilmoqda.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasida korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim o‘rin tutadigan fuqarolik jamiyati institutlarining tarkibi aniq belgilab berilgan. Boshqacha aytganda, mahallalar, siyosiy partiyalar, harakatlar, ommaviy axborot vositalari, kasaba uyushmalari, jamoat fondlari va fuqarolarning boshqa jamoat birlashmalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil yetishi nazarda tutilgan.
Bandan tashqari, amaldagi qonunchilikda davlat budjeti ustidan parlament nazoratini amalga oshirish tartibi belgilab berilgan. Tahlillar parlamentning bu boradagi vakolatlari mukammal emasligini ko‘rsatdi. Bu Oliy Majlis va Hisob palatasi o‘rtasidagi munosabatlarda o‘z ifodasini topmoqda.
Rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlili shuni ko‘rsatdiki, Hisob palatasi parlamentning budjet nazorati bo‘yicha maxsus vakolatli organi hisoblanadi. Masalan, davlat budjeti ijrosi ustidan parlament nazoratini parlament tomonidan tuziladigan maxsus moliya-nazorat organlari, xususan, Avstriya, Germaniya, Ispaniya va Fransiyada – Hisob palatasi, AQShda – Hukumatning hisobot idorasi amalga oshiradi. Kanada va Shvetsiyada — Bosh auditor idorasi, Buyuk Britaniyada — Davlat hisobi qo‘mitasi, Braziliya, Ruminiya, Portugaliya va Turkiyada — Hisob sudi ushbu vazifani bajaradi.
Bunday organ faoliyatini tashkil etish ham, albatta, Parlament vakolatiga kiradi. Parlamentning Hisob palatasini tuzish vakolatlari normalari Avstriya, Italiya, Ispaniya va boshqa mamlakatlarning asosiy qonunlarida belgilangan.
Konstitutsiyamizning 93-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Hisob palatasi raisini tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi. Davlat rahbari mazkur vakolatni Oliy Majlis Senati zimmasiga o‘tkazishni taklif qildi. Bu orqali Hisob palatasi davlat budjetini shakllantirish va ijro etishda parlament nazoratining muhim vositasiga aylanishi ta’kidlandi.
Savol tug‘iladi: Davlat budjeti ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda Hisob palatasi qanday rol o‘ynaydi?
Qayd yetish joizki, davlat budjeti ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda Oliy Majlis Hisob palatasi bilan hamkorlik qiladi. Hisob palatasining faoliyati davlat budjetining ijrosi, davlat aktivlari va passivlarining holati va faoliyati ustidan muntazam monitoring olib borish va nazoratni ta’minlash, qimmatbaho metallar va toshlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish, oltin-valuta zaxiralarini boshqarish, budjet mablag‘larini jalb yetish, shuningdek, davlat budjeti mablag‘lari va aktivlarini boshqarishga va xorijiy kapitalni mamlakat iqtisodiyotida samarali ishlatish, davlatning tashqi qarzini o‘z vaqtida qaytarishga qaratilgan.
Oliy Majlis Hisob palatasining xulosalaridan kelib chiqib, kelgusi yil uchun mamlakatimiz soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari to‘g‘risidagi loyihalarni kiritadi. Xorijiy mamlakatlarda Davlat budjetida Hisob palatasi va parlament o‘rtasidagi munosabatlarning tartibi ham belgilab qo‘yilgan. Masalan, Fransiyada Hisob sudining davlat budjeti haqidagi yillik hisoboti iyun oyi oxirida parlamentning ikki palatasi va g‘aznachilikka taqdim etiladi.
Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri budjet ijrosining qonuniyligini baholash, budjetni boshqarish va parlament tomonidan belgilangan maqsadlarga erishishni baholashga qaratilgan. Unda davlat boshqaruvini soddalashtirish uchun qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish chora-tadbirlari tavsiya etiladi. Hisob palatasi hisobotni taqdim etishdan oldin davlat budjetiga muvofiqligini tasdiqlovchi qaror qabul qilishi shart. Xorijiy davlatlar qonunlarida parlament va Hisob palatasi ham davlat budjeti ustidan parlament nazorati doirasida o‘zaro bog‘liq bo‘lgan organlar sifatida qaraladi.
Xulosa o‘rnida shuni qayd etishni istardimki, Hisob palatasi raisini tayinlash va lavozimidan ozod yetish Oliy Majlis vakolatiga aylangani juda muhim. Konstitutsiyaviy qonun loyihasida Hisob palatasi raisini tayinlash va lavozimidan ozod etish vakolatini Senatga o‘tkazish to‘g‘risidagi normaning aks ettirilishini sudya sifatida maqsadga muvofiq deb hisoblayman va qo‘llab-quvvatlayman.
Shavkat Ziyadullayev,
Buxoro viloyat sudi sudyasi
Davlat Xakimov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudi sudyasi