Erta nikoh va uning oqibatlari

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach barcha sohalarda, xususan Oila qonunchiligi tizimida ham samarali islohotlar qilindi. Bosh qomusimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham alohida “Oila” bobi kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega ekanligi, nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishi belgilab qo‘yilgan.

Yurtimizda oila ins­titutini mustahkamlash, nufu­zini oshirish, huquqiy asoslarini takomillashtirish, erta nikohning oldini olish va sog‘lom farzandni dunyoga keltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayapti.

Shuningdek, Oila kodeksida ham nikoh tuzish tartibi, nikoh tuzishning ixtiyoriyligi, nikoh yoshi, nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar va nikohlanuvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish normalari belgilab qo‘yilgan.

Biroq, ba’zi ota-onalarning nikoh yoshiga yetmagan, kollej, litseylarni tugatmagan qizlarini erta turmushga chiqarib yuborish holatlari uchrayaptiki, bu yosh onalar va bolalarning nogiron, zaif bolalar tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda.

Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida o‘ziga xos ijtimoiy vazifani bajaradi. Oilalar qanchalik mustahkam bo‘lsa, jamiyatimiz shunchalik mustahkam bo‘ladi. Respublikamizda oilaga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Yoshlarmizning sog‘lom va mustahkam oila qurishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Oilaning huquqiy asosini qonuniy nikoh tashkil etadi. Chunki faqat qonuniy nikohgina oilada er-xotin va bolalar o‘rtasida o‘zaro huquq va majburiyatlarni keltirib chiqaradi.

Nikoh tuzilishi uchun nikohlanuvchilar qonunda belgilab qo‘yilgan nikoh yoshiga yetgan bo‘lishlari shart.

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasiga ko‘ra, nikoh yoshi erkak va ayollar uchun 18 yosh qilib belgilangan. Bugungi kunda mutaxassislar tomonidan nikoh yoshini ko‘tarish maqsadga muvofiq deb topilmoqda. Ta’lim to‘g‘risidagi qonunchilik talablari hamda qizlarning fiziologik jihatdan onalikka tayyor bo‘lishlari nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, bu fikr asoslidir.

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasining ikkinchi qismiga ko‘ra, uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomilaga layoqatli deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xoxlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yoxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga qisqartirilishi mumkin.

Oila kodeksining 13-moddasida «Diniy rasm-rusmlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas»ligi ko‘rsatilgan, biroq nikoh yoshiga to‘lmagan qizlar bilan FHDYO organlaridan ro‘yxatdan o‘tmasdan, diniy rasm-rusmlarga binoan nikoh tuzish marosimini o‘tkazish holatlari kam bo‘lsada, hamon uchrab turibdi. Mo‘rt va huquqiy himoyalanmagan oilalar ko‘p holatlarda buzilib, aksariyat hollarda ayollar jabrlanuvchi bo‘lib qolayotgani achinarlidir.

Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga va Oila kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Erta nikohning oldini olish, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish hamda jamiyatda ayollarning ijtimoiy va huquqiy mavqeini mustahkamlash, aholining reproduktiv salomatligini yaxshilashga qaratilgan mazkur hujjatlarga asosan nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi. Shu bilan birga nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish endilikda ma’lum javobgarliklarni keltirib chiqaradi.

Bundan ko‘zlangan maqsad – ona-bola salomatligiga salbiy ta’sir etayotgan holatlarning oldini olish, kelgusi nasllarning har tomonlama sog‘lom onadan dunyoga kelishini ta’minlashdir.

Ushbu qonunda ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarni keng targ‘ib qilish, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish dolzarb vazifalardandir. Bu borada tegishli davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim hamda tibbiyot muassasalari mutaxassislari hamkorligida amalga oshirilayotgan targ‘ibot ishlari yanada kuchaytirilmoqda. Shifokorlar, pedagoglar, psixologlar, xotin-qizlar qo‘mitalari va mahallalar faollari tomonidan yoshlarga sog‘lom hayot va uzoq umr ko‘rish, jismoniy va ma’naviy barkamollikka erishish, oila mustahkamligi xususida hayotiy misollar orqali so‘zlab berilmoqda.

Mamlakatning har bir qonun-qoidasini, uning mazmuni va ahamiyatini shu mamlakatning har bir fuqarosi bilishi lozim. Zero, qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi. Nikoh yoshiga oid yuqoridagi qonun-qoidalarni targ‘ib qilishdan maqsad esa odamlarni ogohlantirishdir. Har bir ota-ona, har bir nikohlanuvchi yosh o‘z haq-huquqini va burchini yaxshi bilsa, o‘z sog‘ligi va farzandlari oldidagi mas’uliyatini chuqur his etsa, xavotirga o‘rin qolmaydi. Oilalar mustahkam, bolalar barkamol bo‘ladi.

Yurtimizda nikoh munosabatlarini mustahkamlash, oilaviy hayotda ro‘y beradigan salbiy hodisalarning oldini olish, oilada sog‘lom muhitni shakllantirish, barkamol avlodni tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zlangan maqsad ham sog‘lom va mustahkam oila barpo etishdir. Zero, vatan oiladan boshlanadi. Oila mustahkam ekan, vatanimiz gullab-yashnayveradi. Farzand­larimiz sog‘lom va barkamol ekan, kelajagimiz porloq bo‘ladi.

Ilxom Djurayev,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumanlararo sudi raisi

Aziz Safarov,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumanlararo sudi sudyasi