Yangi konstitutsiyada sud hokimiyati
Yangi Konstitutsiyadagi muhim jihatlardan biri-odil sudlovga erishishni ta’minlash maqsadida fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli ekanligi to‘g‘risida Konstitutsiyaviy qoidaning mustahkamlanganidir.
Mazkur normaga ko‘ra biror fuqaro yoki yuridik shaxsning fikricha, ularning ishi fuqarolik, ma’muriy, jinoiy yoki iqtisodiy sudlarda
ko‘rilib, ishni sudda ko‘rishda, birinchidan, ularning konstitutsiyaviy huquq
va erkinliklari buzilayotgan bo‘lsa, ikkinchidan, Konstitutsiyaga muvofiq kelmasa, uchinchidan, sudda ko‘rilishi tugallangan muayyan ishda qo‘llanilgan bo‘lsa, to‘rtinchidan, sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalangan bo‘lsa, qo‘llanilgan amaldagi qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish to‘g‘risida shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. “Sud hokimiyati” bobida aks
ettirilgan o‘zgartirishlar sud hokimiyati mustaqiligini samarali ta’minlash, sudyalar korpusini shakillantirish, odil sudlov samaradorligini oshirishga asoslangan bo‘lib, buning tub mohiyatida
“Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakillantirish yotadi.
Yangi tahrirdagi Asosiy Qonunimizning 136-moddasi 1-qismida “Sudyalar mustaqildirlar, faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har
qanday tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bu shuni anglatadiki, sudyalarning va ularning oila a’zolarining xavfsizligi konstitutsiya darajasiga ko‘tarildi. Endilikda, davlat nafaqat sudya, balki uning oila a’zolarining xavfsizligini ta’minlashni ham kafolatlaydi. O‘z navbatida, ushbu kafolat sudyaning har qanday holatda
o‘z vazifasiga vijdonan yondashishi va xolisona ish olib borishini, eng
muhimi oilasidan ko‘ngli xotirjamligini ta’minlaydi. Shu o‘rinda sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligi kabi me’yorning aks ettirilishi uning mustaqilligini yanada kuchaytiradi. Davlatning sudya va uning oila a’zolari xavfsizligini ta’minlashga mas’ul ekanligining belgilanishi esa uning daxlsizligi kafolatlarini mustahkamlash bilan birga, fuqarolarning odil sudlovga ishonchini ham orttiradi.
E’tiborni toradigan jihatlardan yana biri-eng yuqori rahbar sudyalik lavozimlarida bo‘lish muddatining qat’iy belgilanganligidir. Endi ayni bir shaxs O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Sudyalar oliy kengashi raisi va uning o‘rinbosari etib surunkasiga ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas, shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sud sudyalari qayta saylanish huquqisiz 10 yillik muddatga saylanishi hamda Konstitutsiyaviy sud raisi va o‘rinbosarining vakolat muddati 5 yil ekanligi haqidagi qoida Asosiy qonunimizda aksini topdi.
Yangi Konstitutsiyada Sudyalar oliy kengashining maqomi aniqlashtirilib, Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining mustaqil organi sifatida sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy tamoyiliga rioya etilishini ta’minlash bilan birga, sudyalar korpusini shakillantirishga ham mas’ul ekani ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat tomonidan saylash tizimi kiritilib, Sudyalar oliy kengashi raisi va uning o‘rinbosari Prezident taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan besh yillik muddatga saylanishi belgilangan.
Xulosa sifatida aytadigan bo‘lsak, sud hokimiyatining mustaqil ish yuritishi – demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini
barpo etishning yagona yo‘li. Shu sababli Asosiy qonuning yangi tahririda sudyalar mustaqilligi kafolatlariga alohida urg‘u berilgan. Jumladan, sudyalar faqatgina qonunga emas, balki Konstitutsiyaga bo‘ysunishi ham to‘g‘ridan – to‘g‘ri belgilangan.
Aziz Sharipov,
Buxoro viloyat sudi sudyasi
Fayzullo Kadirov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudi sudyasi