Xalqaro huquqda mediatsiyaning tan olingan tamoyillari
Taraqqiyot o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga intilgani sari huquqshunoslik ham zamonga hamnafas ravishda takomillashib bormoqda.
Bugungi zamonaviy dunyoda huquqshunoslikning nozik jihatlariga ham e’tibor qaratilmoqdaki, bu inson huquqini eng oliy qadriyat sifatida baholashga, inson qadrini ulug‘lashga xizmat qilyapti.
So‘ngi yillarda huquqni himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning vaqt va mablag‘ini tejash, turli qog‘ozbozlikning oldini olish, nizolarni taraflarning yarashuviga asosan tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan turli usullar, xususan mediatsiya instituti va hakamlik sudlari tomonidan nizolarni sudgacha hal qilish amaliyoti keng qo‘llanilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik va Iqtisodiy protsessual kodeksiga muvofiq ishni sudda ko‘rishga tayyorlash paytida sudya taraflardan kelishuv bitimini tuzish ehtimolini yoki nizoni hal etishning muqobil usullari bor-yo‘qligini aniqlashi, ularning huquqiy oqibatlarini tushuntirishi lozim. Huquqiy jamiyatda nizoni hal etishning muqobil mexanizmlari yaratilishi jismoniy va yuridik shaxslar buzilgan huquqlarini tiklashga erishishning samarali vositasi ekanligi ayonlashdi va mazkur kodekslarga mediatsiya atamalari kiritildi.
Mediatsiya instituti bugungi kunda dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida, shu jumladan AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Yaponiya, Xitoy, Gonkong, Janubiy Kareya Respublikasi, Hindistonda tashkil etilgan va muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mediatsiya – bu kelib chiqqan nizoni taraflar o‘zaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usuli, mediator esa – mediatsiyani amalga oshirish uchun taraflar tomonidan jalb etiladigan shaxs hisoblanadi.
Mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Mediatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi.
Shu o‘rinda, 2019-yil 1-yanvardan kuchga kirgan “Mediatsiya to‘g‘risda”gi qonun ushbu institutni amaliyotga kengroq joriy etishga zamin yaratganini alohida ta’kidlash joiz.
Tahlillarga ko‘ra, so‘ngi 4 yilda fuqarolik sudlari tomonidan mediatsiya tartib – taomili qo‘llanilib va mediativ kelishuv bo‘yicha ko‘rmasdan qoldirilgan ishlar soni oshganligini ko‘rishimiz mumkin.
Hozirgi kunda rivojlangan xorijiy davlatlar huquqiy tizimida nizoni sudgacha olib bormasdan, muqobil yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan mediatsiya – taraflar ixtiyoriy roziligi bilan nizoni o‘zaro hal etish jarayoni alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Mediatsiya taraflarning xohish istagi asosida qo‘llaniladi. Mediatsiya suddan tashqari tartibda, nizoni sud tartibida ko‘rish jarayonida, sud hujjatini qabul qilish uchun sud alohida xonaga kirgunga qadar qo‘lanilishi mumkin. Mediatsiya nizoni hakamlik sudida ko‘rish jarayonida hakamlik sudining qarori qabul qilinguniga qadar qo‘llanilishi mumkin.
Taraflarning mediatsiya jarayonlariga o‘z ixtiyoriy bilan qo‘shilishi, kelishuv imzolangunga qadar jarayondan chiqishi, kelishuv qanday shartlar va usullarda bo‘lishi ularning o‘zaro yakdil qarorlari asosida amalga oshiriladi. Bunda mediator taraflar nomidan qaror qabul qilmaydi. Ushbu tamoyilning asosiy xususiyati shundaki, mediatsiya jarayonlarida har bir taraf o‘ziga ma’qul kelgan qarorni o‘zi mustaqil qabul qiladi, qabul qilingan qaror va uning ijrosi
bo‘yicha javobgarlik taraflarning zimmasida qoladi.
Mediatsiya maxfiylik xususiyatiga ega. Taraflar va mediator mediatsiya jarayonidagi muhokamalar maxfiyligini va uning oshkor etilmasiligini o‘zaro kelishuvda ifodalaydilar. Uning noodatiyligi shundaki, mediatsiya jarayonida qo‘llanilgan o‘zaro qaydlar, yozishmalar, qo‘lyozmalar, video va audio yozuvlardan mediator kelgusida ushbu ish bo‘yicha sud nizosi vujudga kelgan hollarda foydalana olmasligi uchun mediatsiya jarayoni tugaganidan so‘ng yo‘q qilinishi mumkin.
Biroq, jahon xaritasida davlatlar o‘rtasidagi nizolar ham uchrab turadiki, ularni tinch yo‘l bilan hal etish zarurati paydo bo‘ladi.
Bunda xalqaro tashkilotlarning o‘rni va mavqei asosiy o‘rin egallaydi.
Xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish xalqaro huquqning asosiy tamoyillaridan biridir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 2-moddasi tamoyillaridan kelib chiqib, BMTning barcha a’zolari xalqaro tinchlik, xavfsizlik va adolatni tahdid ostiga qo‘ymaslik uchun o‘zlarining xalqaro nizolarini tinchlik vositalari bilan hal qilishga majbur.
Xalqaro miqyosda mediatsiya tartib-taomilini o‘tkazish davlatlarning huquq tizimi doirasidagi mediatsiyadan unchalik farq qilmaydi. Vositachi nizolashayotgan tomonlarga aybdorlarni qidirish o‘rniga, ikkala tomon uchun ham mos keladigan murosaga kelishni taklif qilishi mumkin. Davlatlar o‘rtasida vositachilik tartib – taomillarini o‘tkazish tajribasida asosan xalqaro tijorat nizolarini hal etishda vositachilik e’tibor qaratiladi.
Misol sifatida davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni ko‘rib chiqish foydalidir.
1978-yilda Chili va Argentina o‘rtasidagi Lennoks, Pikton va Isla-Nueva orollarining egalik huquqiga doir mojaro paytida Vatikan knyazligi mashhur kardinallardan birini vositachi sifatida taklif qiladi. Vatikan buni ikkala davlat ham katolik bo‘lganligi va ular o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan harbiy mojaroni istamasligi kabi ikki sabab bilan izohlaydi. Boshqa tomondan, Rim papasi Janubiy Amerikada vujudga kelgan ayrim kelishmovchiliklarda doimiy qatnashib kelgani uchun ushbu nizoli vaziyatga ham aralashuvni zarur deb hisoblaydi. YA’ni, vositachi nomzodini ko‘rsatish uchun tarixiy va diniy shartlar mavjud edi. Kardinal Antonio Samoraning harakatlari, shuningdek, katolik cherkovining nufuzi tufayli muqarrar bo‘lib tuyulgan harbiy mojaroning oldi olinib, taraflar “Tinchlik va do‘stlik” shartnomasini tuzishga erishadilar.
Shuningdek, ta’kidlash joizki, davlatlar, odatda yirik mamlakatlar mintaqaga o‘z ta’sirini kuchaytirish uchun vositachi vazifasini bajaradilar. Sobiq Sovet davlatining 1965-yilda Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi mojaroda ishtirok etishi bunga misol bo‘la oladi. Sobiq Sovet davlatining o‘z ta’sirini susaytirishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi sabab yarashuv tartib-qoidalari tashkil etildi. Davlat o‘zi va tomonlardan biri o‘rtasida biron – bir majburiyatga ega bo‘lsa vositachilik natijalari ko‘zlangan samara bermaydi va ushbu manfaat nizolarni hal qilish jarayoniga ta’sir qilishi mumkin. Shu sababdan, Hindiston va Pokiston o‘rtasida Kashmirning hududiy mansubligi bo‘yicha mojaroga Qo‘shma Shtatlar va Buyuk Britaniya vositachi bo‘la olmadilar, shuning uchun vositachilik jarayonlari sobiq Sovet ittfoqi tomonidan amalga oshirildi, chunki ikkala tomon bilan munosabatlar o‘rnatilgan edi.
Mediatsiya xalqaro huquqda nizolarni hal qilishning muqobil
usuli sifatida to‘liq muzokara ko‘rinishida namoyon bo‘lsa, fuqarolik huquqiy munosabatlarda nizolarni uchinchi shaxs yordamida faqat ikki tarafning muqobil yechimiga kelishida vositachilik ko‘rinishida ifodalaydi.
Aziz Safarov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumanlararo sudi sudyasi
Bobir Umedov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kogon tumanlararo sudi sudyasi






