Aliment undirish haqidagi nizolarning sudlarda ko‘rilishi va ushbu nizolarning o‘ziga xos xususiyatlari

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIV bobi oila, bolalar va yoshlar deb nomlangan. Konstitutsiyaning 77-moddasida, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanligi belgilab qo‘yilgan.

80-moddasiga asosan, voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar.

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining V bo‘limi oila a’zolarining va boshqa shaxslarning aliment majburiyatlariga bag‘ishlangan.

Mazkur bo‘limda, ota-ona hamda bolalarning aliment huquqi va majburiyatlari, er-xotinlar va sobiq er-xotinlarning aliment majburiyatlari, qarindoshlar va boshqa shaxslarning aliment majburiyatlari, aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv tuzish tartibi va alimentlarni to‘lash va undirish tartibi bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solingan.

Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart. Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi. Voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga da’vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir. Ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola bir vaqtning o‘zida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqli.

Voyaga yetmagan bolalariga aliment to‘lash va ularga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.

Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to‘lash tartibini o‘zaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar. Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to‘lash tartibi va shakli haqida ota-ona o‘rtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid bo‘lmasligi kerak.

Agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining

bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi;

ikki bola uchun — uchdan bir qismi;

uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi.

Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin. Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.

Ota-ona voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berishi shartdir. Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berish ota-onaning kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Ota-ona o‘rtasida bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda nizo sud tartibida hal qilinadi. Ota-onadan voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga undiriladigan alimentning miqdori sud tomonidan aliment to‘lashi shart bo‘lgan ota-onaning oilaviy va moddiy ahvoli hisobga olinib, har oyda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanadi.

Ota-onadan bolalarga undiriladigan aliment miqdori aliment to‘lovchining oylik ish haqiga va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlar hisobida yoki pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin. Aliment to‘lashi shart bo‘lgan ota-onaning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi doimo bir xilda bo‘lmay, o‘zgarib tursa yoxud daromadining bir qismini natura tarzida oladigan bo‘lsa, shuningdek daromaddan ulush tarzida aliment undirish imkoniyati bo‘lmasa yoinki ota-ona rasman belgilangan ish haqi yoki daromadga ega bo‘lmasa, voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment miqdori har oyda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin.

Ota-ona favqulodda holatlar (bolaning og‘ir shikastlanishi, kasal bo‘lishi va boshqalar) tufayli kelib chiqqan, bolaning ta’minoti uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishi shart.

Qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan ota (ona)dan sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qo‘shimcha xarajatlarni qisman pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.

Aliment O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida pul yoki natura tarzida olingan barcha turdagi daromadlardan ushlab qolinadi. Chet el valyutasida olinadigan daromadlar aliment undiriladigan kunda amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy kursi bo‘yicha so‘mlarda hisoblanadi.

Aliment to‘layotgan ota-onaning boshqa voyaga yetmagan bolalari bo‘lib, undan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilganda o‘sha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq ta’minlanib qoladigan bo‘lsa, shuningdek aliment to‘layotgan ota (ona) nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib, moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan bo‘lsa yoki aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega bo‘lgan taqdirda, aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin. Agar voyaga yetmagan bola davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq ta’minotida bo‘lsa, sud aliment to‘layotgan ota yoki onaning moddiy ahvolini hisobga olib, to‘lanayotgan aliment miqdorini kamaytirish yoki uni aliment to‘lashdan ozod qilish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin. Aliment miqdorini kamaytirish yoki uni to‘lashdan ozod qilish uchun asos bo‘lgan holatlar tugaganda manfaatdor taraf aliment qonunda belgilangan miqdorda undirilishini talab qilib, sudga murojaat etishga haqli.

Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o‘z ota-onasiga ta’minot berishlari va ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishlari shart. Ota-onasining davlat va nodavlat muassasalari qaramog‘ida ekanligi voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalarni ota-ona haqida g‘amxo‘rlik qilish va ularga moddiy yordam ko‘rsatish majburiyatidan ozod qilmaydi. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar o‘z ota-onasiga ixtiyoriy ravishda moddiy yordam berishdan bo‘yin tovlasalar, ta’minot miqdori bolalarning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olgan holda sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanadi. Ota-ona, aliment undirish haqidagi talabni o‘z bolalarining biriga yoki bir nechtasiga nisbatan qo‘yganligidan qat’i nazar, aliment miqdorini belgilashda sud voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalarning barchasini hisobga olishi lozim. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalardan aliment undirish nizosi uzil-kesil hal bo‘lgunga qadar sudya shu nizo bo‘yicha vaqtincha to‘lab turilishi lozim bo‘lgan summani ko‘rsatib, ajrim chiqarishi mumkin. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalardan undirilayotgan aliment miqdori qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 11,75 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.

Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar ota-onasining kasalligiga va boshqa uzrli sabablarga ko‘ra qilinadigan qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishlari shart. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar tomonidan qo‘shimcha xarajatlar ixtiyoriy ravishda qoplanmasa, talab qilinayotgan summa sud tartibida undirilishi mumkin.

Aliment undirish to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘i qonunchilikda belgilangan tartibda ijro etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 266-moddasiga asosan, alimentlar undirish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorlari darhol ijroga qaratiladi.

Voyaga yetmagan yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga aliment to‘lash haqidagi sudning hal qiluv qarorini bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslar ushbu Kodeksning 79-moddasiga asosan ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Ota-onasiga moddiy yordam berish to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarorlarini bajarmaslik jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Usmonov Zafar Akramovich,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumanlararo sudining raisi