KORRUPSIYA — TARAQQIYOT DUSHMANI

Korrupsiya nima? U faqat pora olishmi yoki u bundan ham chuqurroq muammo emasmi? Nega u har qanday jamiyat uchun xavfli hisoblanadi? Ushbu savollar hozirgi davrda nafaqat huquqshunoslarni, balki butun jamiyatni o‘ylantirmoqda. Chunki korrupsiya — bu oddiy poraxo‘rlik emas, balki taraqqiyot, tenglik va adolatga putur yetkazuvchi xavfli illatdir.

Bugungi globallashuv davrida dunyoning deyarli barcha mamlakatlari korrupsiya illatiga qarshi keskin kurash olib bormoqda. Chunki korrupsiya — nafaqat qonun ustuvorligiga, balki jamiyatning iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy asoslariga ham jiddiy tahdid soladigan omildir. Taraqqiyot sari dadil odimlayotgan har qanday jamiyat uchun korrupsiya – to‘siq, islohotlarning samaradorligini pasaytiruvchi va ijtimoiy ishonchni yemiruvchi xavfli illat hisoblanadi.

Korrupsiya — bu mansab yoki vakolatdan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanishdir. U poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik, vakolatlarni suiiste’mol qilish, davlat boyligini talon-taroj qilish kabi shakllarda namoyon bo‘ladi.

Korrupsiyaning asosiy xavfi – adolat tamoyillarining buzilishidir. U jamiyatda tengsizlik, umidsizlik, norozilik kayfiyatlarini kuchaytiradi. Ayniqsa, huquqni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasidagi korrupsion holatlar bevosita inson hayoti va taqdiriga ta’sir o‘tkazadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. 2020-yilda “Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi” tashkil etildi. Shuningdek, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, barcha davlat organlari faoliyatida shaffoflik, hisobdorlik va halollik prinsiplari kuchaytirildi.

Transparency International tashkilotining 2023-yilgi “Korrupsiya sezgirlik indeksi”da O‘zbekiston 180 davlat ichida 126-o‘rinni egalladi (2022-yilga nisbatan 3 pog‘onaga ko‘tarildi).

2022-yilda respublikada 2 451 ta korrupsiya bilan bog‘liq jinoyat fosh etilgan. Bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan 12 foizga oshgan.

Bu raqamlar nafaqat muammoning mavjudligini, balki unga qarshi kurashayotgan tizimning faol ishlayotganini ham ko‘rsatadi.

Korrupsiyaga qarshi samarali kurashda fuqarolik jamiyati institutlarining, OAV va ayniqsa, yoshlar kabi faol qatlamlarning o‘rni beqiyosdir.

O‘z fikriga ega, ongli va vatanparvar yoshlar jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantiradi. O‘zbekistonda yoshlar ishtirokida “Korrupsiyaga yo‘q deymiz!”, “Halol mehnat – pok vijdon” kabi targ‘ibot loyihalari amalga oshirilmoqda.   

Korrupsiya – jamiyat tanasidagi saraton kasalligidir. Uni yo‘qotish uchun nafaqat qonunchilik, balki ijtimoiy ong, axloq va mas’uliyat ham yuqori bo‘lishi lozim. Yurtimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar va xalqaro hamkorlik natijasida korrupsiyaga qarshi kurash bosqichma-bosqich yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Sh.Quvvatov, N.Jo‘rayev, Z.Sherov

Buxoro viloyat sudi jinoyat ishlari

bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari

F.Sharapov

Buxoro viloyat sudi bosh konsultanti

ADOLATGA OLIB BORADIGAN YO‘L: O‘ZBEKISTONDA SUD TIZIMI ISLOHOTLARI YANGI BOSQICHDA

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘lida keng qamrovli va izchil islohotlar bosqichini boshdan kechirmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan tamoyil asosida sud-huquq sohasida tarixiy burilishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston sud tizimida mustaqillik yillaridan buyon ko‘plab islohotlar o‘tkazilgan bo‘lsa-da, aynan 2017-yildan boshlab ularning mazmun-mohiyati tubdan o‘zgardi. Sudlar faoliyatining erkinligi, shaffofligi va adolatga asoslanganligi bo‘yicha qabul qilingan yangi qonunlar, Prezident farmonlari, qaror va dasturlar sohani zamonaviy mezonlarga moslashtirishga qaratildi.

Masalan, 2021–2023 yillarga mo‘ljallangan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish bo‘yicha strategiya” doirasida quyidagi yutuqlarga erishildi:

Sudlarning mustaqilligi bo‘yicha Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritildi;

Barcha instansiyalardagi sudlar faoliyati elektron tizimlarga integratsiyalashdi: “E-sud”, “Sud hujjatlari axborot tizimi” joriy qilindi;

Oliy sud tizimida “Sudlar faoliyatining ochiqligini ta’minlash departamenti” tashkil etilib, matbuot kotiblari faoliyati tizimlashtirildi;

Sudya maqomi, mustaqilligi va himoyasi haqidagi qonunlar qabul qilinib, ularning ijtimoiy kafolatlari kuchaytirildi.

Sud islohotlari haqida faqat so‘z bilan emas, fakt va raqamlar bilan ham baho berish mumkin:

1,2 milliondan ortiq fuqarolik ishi elektron shaklda ko‘rib chiqilgan;

2023-yilda odam savdosi, oilaviy zo‘ravonlik, korrupsiya kabi dolzarb ijtimoiy masalalar bo‘yicha sud qarorlarining ochiqligi 67% ga oshgan;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2024-yilgi hisoboti asosida, fuqarolik ishlarining 41 foizi muqobil hal etish usullari orqali hal etilgan;

“Sud qarorlarining e’lon qilinishi” bo‘yicha jamoatchilik ishonchi 2017-yildagi 23% dan 2024-yilga kelib 56% ga yetgan.

Zamonaviy sud tizimining ajralmas qismi bu — matbuot bilan samarali aloqadir. Prezidentning 2021-yil 7-iyundagi qaroriga muvofiq, har bir sud tizimi organida matbuot kotibi lavozimi joriy qilindi. Ular jamoatchilikka sud faoliyati, qarorlari, muhim islohotlar haqida tezkor, aniq va tushunarli axborot yetkazishni o‘z vazifasi deb biladi.

Sudya bloglari, veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali ochiqlik siyosati olib borilmoqda;

2022-yilda 67 ta viloyat va tuman sudlari o‘z rasmiy Telegram kanallarini ochdi;

“Sud matbuoti orqali adolatga xizmat” shiori ostida malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yildi.

Bu borada xalq bilan bevosita muloqotni tashkil etish, har bir fuqaroda sudga nisbatan ishonch uyg‘otish — matbuot kotibi zimmasidagi eng muhim masalalardan biridir.

O‘zbekistonning sud-huquq sohasidagi yutuqlari xalqaro tashkilotlar tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Xususan:

Jahon banki O‘zbekistonni “sud mustaqilligi bo‘yicha islohotlar yetakchisi” sifatida e’tirof etdi;

 “World Justice Project” indeksida mamlakatimiz 2015-yildagi 107-o‘rindan 2023-yilda 78-o‘ringa ko‘tarildi;

 Yevropa Ittifoqi va UNDP hamkorligida sud-huquq sohasini raqamlashtirish bo‘yicha 15 million yevrolik qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yildi.

Adolatli jamiyatga intilayotgan har bir davlat uchun sud tizimining mustahkamligi — milliy taraqqiyot kafolatidir. O‘zbekiston bugun shunday yo‘lni tanlagan. Islohotlar natijasida inson huquqlarini kafolatlovchi, jamoatchilikka ochiq, professional va shaffof sud tizimi shakllanmoqda.

 Endi bu tizimni jamoatchilikka, OAVga, xalq tiliga tushunarli, sodda, aniq va tezkor uslubda yetkazish — matbuot kotiblari zimmasidagi eng muhim va sharafli masaladir. Bu borada kuchli so‘z, tiniq pozitsiya va jamiyatga xizmat qiluvchi axborot eng katta kuch bo‘lib xizmat qiladi.

Sh.Quvvatov, N.Jo‘rayev, Z.Sherov

Buxoro viloyat sudi jinoyat ishlari

bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari

F.Sharapov

Buxoro viloyat sudi bosh konsultanti

GENDER TENGLIGI — JAMIYAT TARAQQIYOTINING ASOSI

Bugungi globallashuv davrida ijtimoiy tenglik, ayniqsa, gender tengligi masalasi har bir demokratik jamiyatning taraqqiyot mezoniga aylangan. Gender tengligi — bu erkaklar va ayollar teng huquqlarga, teng imkoniyatlarga ega bo‘lishini anglatadi. O‘zbekiston ham ushbu yo‘nalishda izchil islohotlarni amalga oshirib, xalqaro tajriba va tamoyillar asosida adolatli ijtimoiy muhit yaratishga intilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasida: «Erkaklar va ayollar teng huquqlidirlar», — deb belgilangan. Bundan tashqari, 2019-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun mazkur prinsipni amaliyotga joriy etishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, Prezident farmoniga muvofiq 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan “Gender tenglikka erishish strategiyasi” tasdiqlanib, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar va erkaklar ishtirokini muvozanatlashtirish, ularning huquq va manfaatlarini teng himoya qilish choralari belgilandi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra:

2024-yil holatiga ko‘ra O‘zbekiston aholisi sonining 49,8 foizini ayollar tashkil etadi;

Mehnat bozorida ayollar ulushi 46 foizdan oshgan;

Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar orasida qizlar soni 44 foizni tashkil qilmoqda;

Parlament tarkibida ayollar ulushi 32 foizga yetgan (2015-yilda bu ko‘rsatkich 16 foiz edi).

Bu raqamlar ayollar faolligi ortayotganini ko‘rsatsa-da, hali ham gender disbalans mavjudligi inkor etilmaydi. Jumladan, yuqori lavozimlar, texnik va IT sohalarida ayollar ishtiroki kam. Aynan shu holat gender tengligini chuqurlashtirishga qaratilgan yangi yondashuvlarni talab etmoqda.

Afsuski, jamiyatimizda hanuz ayolni faqatgina uy-ro‘zg‘or ishlari bilan cheklovchi qarashlar mavjud. Ayrim hududlarda qizlarning erta turmush qurishi, ta’limdan chetda qolishi, mehnatga bo‘lgan imkoniyatlarining cheklanishi — bu sohadagi eng katta muammolardandir. Shu bois, gender tengligini ta’minlashda faqat qonunlar emas, balki ong, tafakkur, madaniyat darajasining ham o‘zgarishi zarur.

Ayollar yetakchiligining oshishi — nafaqat gender tengligi, balki ijtimoiy adolat va iqtisodiy yuksalishning kafolatidir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotiga ko‘ra, ayollar faol ishtirok etayotgan davlatlarda ijtimoiy barqarorlik, korrupsiyaga qarshi kurashish darajasi yuqori bo‘ladi.

Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimizda ta’lim muassasalarida qizlar yetakchiligi, ularga motivatsion dasturlar, grantlar va mentorlik loyihalarini kengaytirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Xususan, “Temurbeklar maktabi”, “Zulfiya nomidagi davlat mukofoti”, “Ayollar akademiyasi” kabi tashabbuslar bu borada muhim qadamlar bo‘ldi.

  Gender tengligi — bu faqat ayollarning muammosi emas, balki jamiyatning umumiy masalasi. Ayol kuchi va salohiyati e’tirof etilgan jamiyat hech qachon orqada qolmaydi. Teng huquqli, teng imkoniyatli, teng mas’uliyatli fuqarolarning jamiyati barqaror va taraqqiyotga yo‘naltirilgan bo‘ladi.

Bugun biz gender tengligi yo‘lida faol ishtirok etib, bu boradagi islohotlar targ‘ibotchisiga aylansak, ertangi kunimiz yanada yorqin va adolatli bo‘ladi.

Sh.Quvvatov, N.Jo‘rayev, Z.Sherov

Buxoro viloyat sudi jinoyat ishlari

bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari

F.Sharapov

Buxoro viloyat sudi bosh konsultanti

NAZORATNING SAMARADORLIGI – KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISHNING MUHIM OMILIDIR

Bugungi kunda davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida Konstitutsiyaga bir qancha muhim o‘zgartirishlar kiritilayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Xususan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi korrupsiyaga qarshi kurashning institutsional asoslarini va uning parlament bilan o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.

Parlamentning O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi yillik Milliy ma’ruzani ko‘rib chiqish vakolatlari ham konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangan hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarini tayinlash to‘g‘risidagi farmonni Senat tomonidan tasdiqlash tartibi belgilab qo‘yilgan.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida korrupsiyaga qarshi kurashning eng muhim omili – ochiqlikni taminlash ham o‘rin olgan. Xususan, har bir insonning global axborot tarmog‘iga kirish va undan bepul foydalanish huquqi belgilangan. Shu bilan birga, davlat budjetini shakllantirish va ijro etish tartibi ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga asoslanishi, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan uning ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi nazarda tutilmoqda.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim o‘rin tutadigan fuqarolik jamiyati institutlarining tarkibi aniq belgilab berilgan. Boshqacha aytganda, mahallalar, siyosiy partiyalar, harakatlar, ommaviy axborot vositalari, kasaba uyushmalari, jamoat fondlari va fuqarolarning boshqa jamoat birlashmalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil yetishi nazarda tutilgan.

Bandan tashqari, amaldagi qonunchilikda davlat budjeti ustidan parlament nazoratini amalga oshirish tartibi belgilab berilgan. Tahlillar parlamentning bu boradagi vakolatlari mukammal emasligini ko‘rsatdi. Bu Oliy Majlis va Hisob palatasi o‘rtasidagi munosabatlarda o‘z ifodasini topmoqda.

Rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlili shuni ko‘rsatdiki, Hisob palatasi parlamentning budjet nazorati bo‘yicha maxsus vakolatli organi hisoblanadi. Masalan, davlat budjeti ijrosi ustidan parlament nazoratini parlament tomonidan tuziladigan maxsus moliya-nazorat organlari, xususan, Avstriya, Germaniya, Ispaniya va Fransiyada – Hisob palatasi, AQShda – Hukumatning hisobot idorasi amalga oshiradi. Kanada va Shvetsiyada — Bosh auditor idorasi, Buyuk Britaniyada — Davlat hisobi qo‘mitasi, Braziliya, Ruminiya, Portugaliya va Turkiyada — Hisob sudi ushbu vazifani bajaradi.

Bunday organ faoliyatini tashkil etish ham, albatta, Parlament vakolatiga kiradi. Parlamentning Hisob palatasini tuzish vakolatlari normalari Avstriya, Italiya, Ispaniya va boshqa mamlakatlarning asosiy qonunlarida belgilangan.

Konstitutsiyamizning 93-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Hisob palatasi raisini tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi. Davlat rahbari mazkur vakolatni Oliy Majlis Senati zimmasiga o‘tkazishni taklif qildi. Bu orqali Hisob palatasi davlat budjetini shakllantirish va ijro etishda parlament nazoratining muhim vositasiga aylanishi ta’kidlandi.

Savol tug‘iladi: Davlat budjeti ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda Hisob palatasi qanday rol o‘ynaydi?

Qayd yetish joizki, davlat budjeti ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda Oliy Majlis Hisob palatasi bilan hamkorlik qiladi. Hisob palatasining faoliyati davlat budjetining ijrosi, davlat aktivlari va passivlarining holati va faoliyati ustidan muntazam monitoring olib borish va nazoratni ta’minlash, qimmatbaho metallar va toshlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish, oltin-valuta zaxiralarini boshqarish, budjet mablag‘larini jalb yetish, shuningdek, davlat budjeti mablag‘lari va aktivlarini boshqarishga va xorijiy kapitalni mamlakat iqtisodiyotida samarali ishlatish, davlatning tashqi qarzini o‘z vaqtida qaytarishga qaratilgan.

Oliy Majlis Hisob palatasining xulosalaridan kelib chiqib, kelgusi yil uchun mamlakatimiz soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari to‘g‘risidagi loyihalarni kiritadi. Xorijiy mamlakatlarda Davlat budjetida Hisob palatasi va parlament o‘rtasidagi munosabatlarning tartibi ham belgilab qo‘yilgan. Masalan, Fransiyada Hisob sudining davlat budjeti haqidagi yillik hisoboti iyun oyi oxirida parlamentning ikki palatasi va g‘aznachilikka taqdim etiladi.

Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri budjet ijrosining qonuniyligini baholash, budjetni boshqarish va parlament tomonidan belgilangan maqsadlarga erishishni baholashga qaratilgan. Unda davlat boshqaruvini soddalashtirish uchun qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish chora-tadbirlari tavsiya etiladi. Hisob palatasi hisobotni taqdim etishdan oldin davlat budjetiga muvofiqligini tasdiqlovchi qaror qabul qilishi shart. Xorijiy davlatlar qonunlarida parlament va Hisob palatasi ham davlat budjeti ustidan parlament nazorati doirasida o‘zaro bog‘liq bo‘lgan organlar sifatida qaraladi.

Xulosa o‘rnida shuni qayd etishni istardimki, Hisob palatasi raisini tayinlash va lavozimidan ozod yetish Oliy Majlis vakolatiga aylangani juda muhim. Konstitutsiyaviy qonun loyihasida Hisob palatasi raisini tayinlash va lavozimidan ozod etish vakolatini Senatga o‘tkazish to‘g‘risidagi normaning aks ettirilishini sudya sifatida maqsadga muvofiq deb hisoblayman va qo‘llab-quvvatlayman.

Shavkat Ziyadullayev,

Buxoro viloyat sudi sudyasi

Davlat Xakimov,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudi sudyasi

Alimentni hisoblash va oldindan to‘lash tartibi qanday?

Oila kodeksining 96-moddasiga ko‘ra, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart.

Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to‘lash tartibini o‘zaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar.

Agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.

Agar aliment to‘lovchi ishlamaydigan bo‘lsa yoki uning ish haqi va (yoki) daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo‘lsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda aliment O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha hisoblab chiqiladi.

Agar qarzni bunday belgilash taraflardan birining manfaatlariga jiddiy putur yetkazsa, manfaatlariga putur yetkazilgan taraf sudga murojaat qilishga haqlidir.

Sud taraflarning moddiy va oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni inobatga olib, qarzning pul bilan to‘lanadigan qat’iy summasini belgilashi mumkin.

Alimentlarni oldindan to‘lash bola voyaga yetguniga qadar har qanday davr uchun besh yildan kam bo‘lmagan muddatga amalga oshiriladi.

Alimentlarni oldindan to‘lash vaqtida agar bolalar voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr 5 yildan kam bo‘lsa, alimentlarni oldindan to‘lash qolgan davr uchun amalga oshiriladi.

Alimentlarni to‘lash to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘yicha alimentlarni muayyan davr uchun oldindan to‘lash yo‘li bilan ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish masalasida, qarzdor ijro hujjatini bergan sudga ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi.

Alimentlarni undirish alimentlar to‘lash to‘g‘risidagi notarial tarzda tasdiqlangan kelishuvga asosan bo‘lsa, ariza ijro hujjati ish yurituvi Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limi joylashgan hududdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga beriladi.

Arizada, qarzdor aliment majburiyatlarini umumiy tartibda bajarish uchun to‘sqinlik qiluvchi obyektiv holatlarni ko‘rsatadi. Masalan, boshqa mamlakatga tashrif buyurish to‘g‘risida taklifnoma, boshqa mamlakatda ishga tayinlanganligi to‘g‘risidagi buyruq va hokozo.

Arizada qarzdor tomonidan alimentlarni oldindan to‘lamoqchi bo‘lgan davri ko‘rsatiladi. Arizaga avvalgi davrlar uchun to‘langan (ushlab qolingan) aliment summalari, shuningdek, oylik ish haqi va boshqa daromadlari, shu jumladan chet elda olingan daromadlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

Har oylik alimentlar summasini hisoblash quyidagi tartibda belgilanadi:

a) agar ijro hujjatida aliment pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilangan bo‘lsa — ijro hujjatida ko‘rsatilgan summa har oylik alimentlar summasi sifatida belgilanadi;

b) agar ijro hujjatida alimentlar qarzdorning oylik ish haqi va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlar hisobida belgilangan bo‘lsa — oylik aliment summasi qarzdorning oxirgi oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadi ulushidan, biroq hisoblash vaqtida O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblab chiqiladi.

Bunda, qarzdor ishsiz bo‘lsa yoki oylik ish haqi va boshqa daromadi to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim qilinmagan taqdirda, tegishli ulush hisoblash vaqtida O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.

Nodirbek Fayziyev,

Buxoro viloyat sudi raisi o‘rinbosari

Zubayda Kurbonova,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudi sudyasi

Erta nikoh va uning oqibatlari

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach barcha sohalarda, xususan Oila qonunchiligi tizimida ham samarali islohotlar qilindi. Bosh qomusimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham alohida “Oila” bobi kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega ekanligi, nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishi belgilab qo‘yilgan.

Yurtimizda oila ins­titutini mustahkamlash, nufu­zini oshirish, huquqiy asoslarini takomillashtirish, erta nikohning oldini olish va sog‘lom farzandni dunyoga keltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayapti.

Shuningdek, Oila kodeksida ham nikoh tuzish tartibi, nikoh tuzishning ixtiyoriyligi, nikoh yoshi, nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar va nikohlanuvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish normalari belgilab qo‘yilgan.

Biroq, ba’zi ota-onalarning nikoh yoshiga yetmagan, kollej, litseylarni tugatmagan qizlarini erta turmushga chiqarib yuborish holatlari uchrayaptiki, bu yosh onalar va bolalarning nogiron, zaif bolalar tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda.

Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida o‘ziga xos ijtimoiy vazifani bajaradi. Oilalar qanchalik mustahkam bo‘lsa, jamiyatimiz shunchalik mustahkam bo‘ladi. Respublikamizda oilaga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Yoshlarmizning sog‘lom va mustahkam oila qurishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Oilaning huquqiy asosini qonuniy nikoh tashkil etadi. Chunki faqat qonuniy nikohgina oilada er-xotin va bolalar o‘rtasida o‘zaro huquq va majburiyatlarni keltirib chiqaradi.

Nikoh tuzilishi uchun nikohlanuvchilar qonunda belgilab qo‘yilgan nikoh yoshiga yetgan bo‘lishlari shart.

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasiga ko‘ra, nikoh yoshi erkak va ayollar uchun 18 yosh qilib belgilangan. Bugungi kunda mutaxassislar tomonidan nikoh yoshini ko‘tarish maqsadga muvofiq deb topilmoqda. Ta’lim to‘g‘risidagi qonunchilik talablari hamda qizlarning fiziologik jihatdan onalikka tayyor bo‘lishlari nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, bu fikr asoslidir.

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasining ikkinchi qismiga ko‘ra, uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomilaga layoqatli deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xoxlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yoxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga qisqartirilishi mumkin.

Oila kodeksining 13-moddasida «Diniy rasm-rusmlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas»ligi ko‘rsatilgan, biroq nikoh yoshiga to‘lmagan qizlar bilan FHDYO organlaridan ro‘yxatdan o‘tmasdan, diniy rasm-rusmlarga binoan nikoh tuzish marosimini o‘tkazish holatlari kam bo‘lsada, hamon uchrab turibdi. Mo‘rt va huquqiy himoyalanmagan oilalar ko‘p holatlarda buzilib, aksariyat hollarda ayollar jabrlanuvchi bo‘lib qolayotgani achinarlidir.

Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga va Oila kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Erta nikohning oldini olish, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish hamda jamiyatda ayollarning ijtimoiy va huquqiy mavqeini mustahkamlash, aholining reproduktiv salomatligini yaxshilashga qaratilgan mazkur hujjatlarga asosan nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi. Shu bilan birga nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish endilikda ma’lum javobgarliklarni keltirib chiqaradi.

Bundan ko‘zlangan maqsad – ona-bola salomatligiga salbiy ta’sir etayotgan holatlarning oldini olish, kelgusi nasllarning har tomonlama sog‘lom onadan dunyoga kelishini ta’minlashdir.

Ushbu qonunda ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarni keng targ‘ib qilish, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish dolzarb vazifalardandir. Bu borada tegishli davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim hamda tibbiyot muassasalari mutaxassislari hamkorligida amalga oshirilayotgan targ‘ibot ishlari yanada kuchaytirilmoqda. Shifokorlar, pedagoglar, psixologlar, xotin-qizlar qo‘mitalari va mahallalar faollari tomonidan yoshlarga sog‘lom hayot va uzoq umr ko‘rish, jismoniy va ma’naviy barkamollikka erishish, oila mustahkamligi xususida hayotiy misollar orqali so‘zlab berilmoqda.

Mamlakatning har bir qonun-qoidasini, uning mazmuni va ahamiyatini shu mamlakatning har bir fuqarosi bilishi lozim. Zero, qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi. Nikoh yoshiga oid yuqoridagi qonun-qoidalarni targ‘ib qilishdan maqsad esa odamlarni ogohlantirishdir. Har bir ota-ona, har bir nikohlanuvchi yosh o‘z haq-huquqini va burchini yaxshi bilsa, o‘z sog‘ligi va farzandlari oldidagi mas’uliyatini chuqur his etsa, xavotirga o‘rin qolmaydi. Oilalar mustahkam, bolalar barkamol bo‘ladi.

Yurtimizda nikoh munosabatlarini mustahkamlash, oilaviy hayotda ro‘y beradigan salbiy hodisalarning oldini olish, oilada sog‘lom muhitni shakllantirish, barkamol avlodni tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zlangan maqsad ham sog‘lom va mustahkam oila barpo etishdir. Zero, vatan oiladan boshlanadi. Oila mustahkam ekan, vatanimiz gullab-yashnayveradi. Farzand­larimiz sog‘lom va barkamol ekan, kelajagimiz porloq bo‘ladi.

Ilxom Djurayev,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumanlararo sudi raisi

Aziz Safarov,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumanlararo sudi sudyasi

Yangi konstitutsiyada sud hokimiyati

Yangi Konstitutsiyadagi muhim jihatlardan biri-odil sudlovga erishishni ta’minlash maqsadida fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli ekanligi to‘g‘risida Konstitutsiyaviy qoidaning mustahkamlanganidir.

Mazkur normaga ko‘ra biror fuqaro yoki yuridik shaxsning fikricha, ularning ishi fuqarolik, ma’muriy, jinoiy yoki iqtisodiy sudlarda
ko‘rilib, ishni sudda ko‘rishda, birinchidan, ularning konstitutsiyaviy huquq
va erkinliklari buzilayotgan bo‘lsa, ikkinchidan, Konstitutsiyaga muvofiq kelmasa, uchinchidan, sudda ko‘rilishi tugallangan muayyan ishda qo‘llanilgan bo‘lsa, to‘rtinchidan, sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalangan bo‘lsa, qo‘llanilgan amaldagi qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish to‘g‘risida shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. “Sud hokimiyati” bobida aks
ettirilgan o‘zgartirishlar sud hokimiyati mustaqiligini samarali ta’minlash, sudyalar korpusini shakillantirish, odil sudlov samaradorligini oshirishga asoslangan bo‘lib, buning tub mohiyatida
“Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakillantirish yotadi.

Yangi tahrirdagi Asosiy Qonunimizning 136-moddasi 1-qismida “Sudyalar mustaqildirlar, faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har
qanday tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq  javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Bu shuni anglatadiki, sudyalarning va ularning oila a’zolarining xavfsizligi konstitutsiya darajasiga ko‘tarildi. Endilikda, davlat nafaqat sudya, balki uning oila a’zolarining xavfsizligini ta’minlashni ham kafolatlaydi. O‘z navbatida, ushbu kafolat sudyaning har qanday holatda
o‘z vazifasiga vijdonan yondashishi va xolisona ish olib borishini, eng
muhimi oilasidan ko‘ngli xotirjamligini ta’minlaydi. Shu o‘rinda sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligi kabi me’yorning aks ettirilishi uning mustaqilligini yanada kuchaytiradi. Davlatning sudya va uning oila a’zolari xavfsizligini ta’minlashga mas’ul ekanligining belgilanishi esa uning daxlsizligi kafolatlarini mustahkamlash bilan birga, fuqarolarning odil sudlovga ishonchini ham orttiradi.

E’tiborni toradigan jihatlardan yana biri-eng yuqori rahbar sudyalik lavozimlarida bo‘lish muddatining qat’iy belgilanganligidir. Endi ayni bir shaxs O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Sudyalar oliy kengashi raisi va uning o‘rinbosari etib surunkasiga ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas, shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sud sudyalari qayta saylanish huquqisiz 10 yillik muddatga saylanishi hamda Konstitutsiyaviy sud raisi va o‘rinbosarining vakolat muddati 5 yil ekanligi haqidagi qoida Asosiy qonunimizda aksini topdi.

Yangi Konstitutsiyada Sudyalar oliy kengashining maqomi aniqlashtirilib, Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining mustaqil organi sifatida sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy tamoyiliga rioya etilishini ta’minlash bilan birga, sudyalar korpusini shakillantirishga ham mas’ul ekani ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat tomonidan saylash tizimi kiritilib, Sudyalar oliy kengashi raisi va uning o‘rinbosari Prezident taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan besh yillik muddatga saylanishi belgilangan.

Xulosa sifatida aytadigan bo‘lsak, sud hokimiyatining mustaqil ish yuritishi – demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini
barpo etishning yagona yo‘li. Shu sababli Asosiy qonuning yangi tahririda sudyalar mustaqilligi kafolatlariga alohida urg‘u berilgan. Jumladan, sudyalar faqatgina qonunga emas, balki Konstitutsiyaga bo‘ysunishi ham to‘g‘ridan – to‘g‘ri belgilangan.   

Aziz Sharipov,

Buxoro viloyat sudi sudyasi

Fayzullo Kadirov,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudi sudyasi

Ma’muriy sud ishlarini yuritish bo‘yicha xorijiy mamlakatlarda birinchi instansiya sudida qabul qilinadigan hujjatlarning o‘ziga xos xususiyatlari

Huquqiy tartibga solish mexanizmida sud hujjatlarining tutgan o‘rnini belgilashda bu masalada xorij mamlakatlari sudlov amaliyotida to‘plangan tajribaga e’tibor qaratish zarurati mavjud. Bu masalada xorij tajribasini o‘rganish nafaqat nazariy, balki amaliy ahamiyatga ham molikdir. Chunki bu jarayonda boshqa mamlakatda shakllangan tajriba va amaliyot o‘zida ilg‘or ijobiy o‘rganishga munosib jihatlarni ifodalashi mumkin; ayni paytda bu tajriba milliy tajriba bilan umumiy jihatlarni o‘zida ifoda etishi mumkin.

Bu holat esa xususiy tajribamiz o‘zida jahon amaliyotiga xos jihatlarni ham ifodalashini ko‘rsatadi; bundan tashqari xorijiy tajriba o‘zida ayrim, bizning amaliyotimizga unchalik mos kelmaydigan, biroq o‘sha davlatning huquqiy rivojlanish xususiyatlaridan kelib chiqqan holda shakllangan huquqiy hodisa va qadriyatlarni aks ettirishi mumkin. Shu tariqa xorij tajribasini o‘rganish, tadqiqotchiga umumiy, maxsus va alohida jihatlarni o‘rganish imkonini beradi.

Sud hujjatlarining huquqiy tartibga solish mexanizmida tutgan o‘rni haqida gap ketar ekan, avvalo umumiy (anglo – sakson) va Kontinental (roman – german) huquqiy oilalarga mansub mamlakatlarda bu masalalarda jiddiy farqlar borligini qayd etish zarur. Bu ikki huquqiy oila bir – biridan nafaqat shakllanish tarixi, huquqning ichki tuzilishi kabi jihatlar bilan farq qilibgina qolmasdan, balki manbalar tizimi bilan ham ajralib turadi.

Sud pretsedenti – umumiy huquq oilasiga mansub davlatlarning huquq manbalari tizimida muhim o‘rin tutadi. Ushbu mamlakatlarda tegishli sudlar amaldagi qonunchilik va shakllangan sud amaliyoti doirasida ishlarni ko‘rib hal etishda, muayyan erkinlikka ega bo‘lib, ular tegishli hollarda yangi huquq normasi yarata oladilar.

Kontitental huquqiy oilaga mansub davlatlarda sudlar asosan qonunlarga asoslanib, ishlarni hal etadilar, ya’ni bevosita yangi huquq normasi yaratish vakolatiga ega emaslar va ular shu jihati bilan umumiy huquq oilasi sudlaridan farqlanadilar. Shu munosabat bilan keyingi yillarda ilmiy adabiyotlarda kontinental huquqiy oilaga mansub davlatlardagi sudlar tizimida eng yuqori sudning qarorlari ma’lum ma’noda o‘zida umumiy qoidani aks ettiradi, degan munozarali fikr ilgari surilmoqda va shunga bog‘liq holda MDH mamlakatlari Oliy Sud Plenumlari qarorlarining yuridik tabiati haqida keng munozara olib borilmoqda.

AQSH sudlarining Britaniya sudyalariga nisbatan bu masaladagi faolligi ko‘p jihatdan AQShda keng hokimiyatga ega bo‘lgan parlament doktrinasining yo‘qligi bilan izohlanadi. Garchand, Buyuk Britaniyada ham parlament konstitutsiyaviy konvensiyalar (odatlar) va jamoatchilik fikri bilan cheklangan bo‘lsa-da, Britaniya huquqiy tizimi yozma konstitutsiya g‘oyasi

Va statut huquq ustidan sud nazorati institutini e’tirof etmaydi. Bunday holatning yana bir sababi, chamasi, sudyalar korpusining shakllanish tartibidagi farqlarda bo‘lsa ajab emas, chunki, Britaniyada sudyalar tayinlanadi, AQShda esa asosan saylanadi.

Xorijiy manbalarda “sudyalar huquqi” degan atama ham mavjud bo‘lib, u o‘z mazmuniga ko‘ra sudlarning huquq ijodkorligi sohasiga mansub atama hisoblanadi. Shu munosabat bilan umumiy huquq oilasiga mansub davlatlarda sudlarning huquq ijodkorlik faoliyati va uning tartibi, asoslari hamda doirasi, chegarasi haqida fikr yuritish o‘rinli.

Ayni paytda shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, hatto umumiy huquq oilasida ham bu masalada yagona yondashuvni ko‘rish qiyin. Zotan, sudlarning huquq ijodkorlik faoliyatiga nisbatan qo‘llaniladigan cheklovlarning darajasi va mazmuni bir – biridan ancha farq qiladi. Umumiy fikrga ko‘ra, umumiy huquq oilasida Amerika sudlari Britaniya sudlariga nisbatan bu masalada faolroqdir. Shu tariqa, sudyalarning demokratik mandati Britaniyada kuchsizroq ko‘rinadi.

Ta’kidlash joizki, Buyuk Britaniya olimlar va amaliyotchilari orasida sudlarning huquq ijodkorligi doirasi va darajasi masalasida aniqlik kuzatilmaydi. Umumiy fikr sifatida shuni aytish mumkinki, sudyalar masalan, yangi jinoyatni “kashf” etmaydilar, biroq statutlarda mustahkamlab qo‘yilgan umumiy huquq normalarini konkret holatga nisbatan qo‘llab, mazkur normalarga muayyan aniqliklar kiritadilar. Masalan, Lord Reyd Mers v. DPPning ishi yuzasidan quyidagi fikrni bayon etgan: “Umumiy huquqni o‘zgarib borayotgan iqtisodiy shart-sharoitlarga va tafakkur ko‘nikmalariga moslash uchun rivojlantirib borish zarur.

Biroq biz qilishimiz mumkin bo‘lgan va qilishimiz zarur bo‘lgan faoliyatning chegarasi borligini esda tutishimiz kerak. Basharti, biz huquqni rivojlantirishimiz kerak bo‘lsa, bu holda huquqning fundamental prinsiplarini rivojlantirish va qo‘llash orqali uni amalga oshirishimiz kerak. Biz o‘z-o‘zimizcha shartlar va cheklovlar belgilay olmaymiz; bu vazifa qonun chiqaruvchining vakolati hisoblanadi. Agarda biz haqiqatdan ham huquqni o‘zgartiradigan bo‘lsak, bu holda biz bu ishni faqat shunday holatlarda qilishimiz mumkinki, qachonki, bizning qarorimiz ma’lum darajada aniqlik va uzil-kesillikka olib keladigan bo‘lsa”.

Aytish kerakki, yuqoridagi fikr o‘zida sud huquq ijodkorligining chegarasi masalasidagi an’anaviy yondashuvni o‘zida ifoda etgan deyish mumkin. Zotan, aynan “aniqlik kiritish” yoki “aniqlashtirish” atamasi shu o‘rinda muhim ahamiyat kasb etadi va masalaning mohiyatini ifodalaydi. Haqiqatdan, qoidaga ko‘ra huquq aniq-tiniq bo‘lishi kerak va sudyalar qonun chiqaruvchidan o‘tib va ulardan “o‘zib” ketmasliklari zarur.

Sudyalar, shu bois, umumiy huquqni rivojlantirishlari mumkin xolos, biroq ular yangi jinoyatlar tarkibini, jinoyatning og‘irlashtiruvchi holatlarning yoxud javobgarlikdan ozod etuvchi holatlarning turlarini va shunga o‘xshash holatlarni o‘rnatishga, belgilashga haqli emaslar. Shu bilan bir qatorda, qonun o‘zida ma’lum darajada umumiy qoidalarni ifodalagani bois, muayyan noaniqliklar bo‘lishi tabiiy. Shunga bog‘liq holda sudyalar qonun matnidagi u yoki bu atama mazmuni qanday faktlarni o‘z ichiga olishi masalasini hal etishiga to‘g‘ri keladi va hal etishlari shart.

Shu o‘rinda, sud pretsedenti bilan Parlament, aniqrog‘i statutlar o‘rtasidagi munosabat va nisbat masalasi muayyan qiziqish uyg‘otadi. Buyuk Britaniyada mavjud bo‘lgan doktrinaga ko‘ra, pretsedent Parlament tomonidan bekor qilinmagan, o‘zgartirilmagan bo‘lsa, bu holda “sukut – rozilik alomati” tamoyili amal qiladi, demak, Parlament tomonidan “sukut saqlash yo‘li bilan” u ma’qullangan, deb xulosa chiqarish mumkin.

Shu tariqa, aytish mumkinki, umumiy huquqning aniqligi — Britaniya eng yuqori sudi faoliyatidagi prinsiplardan biri hisoblanadi. Shu bilan

Bir qatorda, yangiliklar zarurati yoxud oldin yo‘l qo‘yilgan xatoni tuzatish kerakli ekanligi hakidagi fikrlar sudlarda o‘z xohishlariga asoslangan holda ish ko‘rishga ancha “maydon qoldirishi mumkinligiga” ishonch hosil qilish mumkin. Bundan tashqari, qonunlarning ayrim normalarini hozirgi kun nuqtai-nazaridan sharhlash va moslashtirish vakolati ham oxir – oqibatda sudning huquq ijodkorlik faoliyatidan boshqa xech narsa emas.

Sudning huquq ijodkorlik faoliyati qonun normalari mazmunini hozirgi kun talab va xususiyatlariga “moslashtirgan holda” talqin etish orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Shu o‘rinda qay holatlarda sudyalar “moslashtiruvchi talqin”ni amalga oshira oladilar va bunday faoliyat yo‘nalishining doira va chegarasi qanday belgilanadi, degan masala ko‘ndalang bo‘ladi.

Shu o‘rinda ingliz huquqiy tizimining muhim jihatlari yoinki realliklari bo‘lgan bir holat – normativ-huquqiy hujjatlarning uzoq vaqt davomida harakatda, amalda bo‘lishi tajribasini nazarda tutish zarurligidir. Shu bois, mazkur hujjatlarga bugungi kun xususiyatlarini singdirishga to‘g‘ri keladi. “Always speaking” – “gapirib turuvchi huquqiy hujjatlar” degan atama ingliz yuristi lord Tring (Henry Thring, 1818-1907) tomonidan dastlab muloqotga kiritilgan bo‘lib, uning mazmuni shuki, ma’lum bir qonun o‘zi qabul qilingan davr xususiyatlaridan kelib chiqqan holda yaratilgan bo‘lsa-da, biroq unga amaldagi huquq sifatida qarab, uni hayotga tadbiq etish zarur bo‘ladi. Shu tariqa mazkur qonun o‘zining dastlabki muallifi tili bilan, biroq har bir rivojlanish bosqichining konkret xususiyatlari va shart-sharoitlariga bog‘liq holda o‘zini namoyon etishi va “so‘zlashi” mumkin.

Ayni paytda ma’lum bir davr bilan bog‘liq hujjatlar soni unchalik ko‘p emas, biroq Parlament tomonidan qabul qilingan statutlarda ayrim umumiy ifodalar (iboralar) mavjudligi — parlament tomonidan uning o‘sha umumiy iboralariga sudlar tomonidan ijtimoiy shart-sharoitning konkret holatlariga mos tushadigan mazmun berilishiga imkon qoldirishi ma’nosida tushunish mumkin.

Shu o‘rinda adolatli va oqilona qaror qabul qilishga erishish yo‘llari va vositalari turli huquqiy tizimlarda, ayrim hollarda bir tizimga mansub davlatlarda ham turlicha ekanligini qayd etish o‘rinli. Ayrim hollarda sudyalarda bunday imkoniyatlarning ancha kamligini ham ko‘rish mumkin.

Buni quyidagi misolda yaqqol ko‘rish mumkin: Buyuk Britaniya, RF va AQSH sudlarining davlatlararo aloqalar, ayniqsa iqtisodiy aloqalar rivoj topgan bir davrda soliq va bojxona sohasidagi huquqbuzarliklar uchun tayinlangan jazoning jiddiy farqlanishini qayd etish mumkin. Birinchi holda, AQSH yuqori sudi quyi sudning qonun normasini aynan tushunishga asoslanib chiqarilgan, biroq unchalik adolatli bo‘lmagan qarorini bekor qilib, uni yumshatish imkoniga ega bo‘lsa, Angliya yuqori sudi sudlarning ancha eski qonunlarni aynan, ya’ni davrga moslashtirmasdan tushunishga asoslanib chiqargan adolatsiz qarorini kuchda qoldirishga majbur bo‘lishgan, chunki, qator normalar butunlay boshqa davr uchun moslab qabul qilingan va shu bois, ayrim hollarda adolatsiz qaror qabul qilishga olib kelishiga qaramay, Lordlar palatasiga, garchi qonun chiqaruvchi bunday holatni nazarda tutmagan bo‘lsa-da, eski qonun normalarini “cheklangan sharhlash” imkoniyati berilmaganligi bois, qonunning “ruhi va harfi”ga mos holda harakat qilishga to‘g‘ri keladi.

Lord Reyd ta’kidlaganidek, yuqoridagi ahvol yana bir bor shuni ta’kidlaydiki, yozma Konstitutsiya yoki huquqlar haqida Bill kabi nufuzli manbalarning mavjud emasligi, ba’zan Britaniya sudlariga, hatto ochiq adolatsiz qaror qabul qilish tahdidi ostida qonun normalarining aynan mazmuniga, ya’ni qonun chiqaruvchining aynan mazmundagi xohish-irodasiga bo‘ysunishdan boshqa yo‘l qoldirmaydi.

G‘aybulla Mirzayev,

Buxoro viloyat sudi sudyasi

Davlat Xakimov,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudi sudyasi

Merosxo‘rlar doirasiga kimlar kiradi? Kimlar noloyiq merosxo‘r hisoblanadi? Merosdan chetlashtirishni rasmiylashtirish tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1118-moddasiga asosan meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan fuqarolar, shuningdek meros qoldiruvchining hayotlik paytida homila holida bo‘lgan va meros ochilgandan keyin tirik tug‘ilgan bolalari vasiyat va qonun bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin. Qolaversa, meros ochilgan paytda tuzilib bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin.

Demak, marhumning vasiyatnomasida ko‘rsatilgan shaxs (jismoniy va yuridik shaxs)lar, hamda davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Fukarolik kodeksining 1135-1139-moddalariga asosan qonun bo‘yicha merosxo‘rlarning 5 ta navbati mavjud.

1.Meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar. Meros qoldiruvchining vafotidan keyin tug‘ilgan bolalari ham birinchi navbatdagi vorislar jumlasiga kiradilar.

2.Meros qoldiruvchining tug‘ishgan hamda ona (ota) bir ota (ona) boshqa aka-ukalari va opa-singillari, shuningdek uning ham ota, ham ona tarafdan bobosi va buvisi teng ulushlarda qonun bo‘yicha ikkinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar.

3.Meros qoldiruvchining tug‘ishgan amakisi, tog‘asi, ammasi va xolasi teng ulushlarda qonun bo‘yicha uchinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar.

4.Meros qoldiruvchining oltinchi darajagacha (oltinchi daraja ham shunga kiradi) bo‘lgan boshqa qarindoshlari qonun bo‘yicha to‘rtinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar, bunda yaqinroq qarindoshlar uzoqroq qarindoshlarga nisbatan meros olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar.

Vorislikka chaqiriladigan to‘rtinchi navbatdagi vorislar teng ulushlarda meros oladilar.

5.Meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz boqimlari, agar ular ushbu Kodeksning 1141-moddasi asosida meros olmasalar, qonun bo‘yicha beshinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar.

Bundan tashqari, mazkur Kodeksning 1140-moddasida “Taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik” belgilangan.

Jumladan, taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik qonun bo‘yicha merosxo‘r meros ochilgunga qadar vafot etgan taqdirda, unga tegishli ulush uning avlodlariga o‘tishini nazarda tutadi, bunda ulush taqdim qilinayotgan qonun bo‘yicha merosxo‘r bilan bir xil darajada qarindosh bo‘lgan avlodlar o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Bola, nevara, chevara, evara merosxo‘rligida taqdim qilish huquqi qarindoshlik darajasi cheklanmagan holda amal qiladi, yon qarindoshlik bo‘yicha merosxo‘rlikda taqdim qilish huquqiga meros qoldiruvchining tug‘ishgan aka-ukalari (opa-singillari) nomidan uning jiyanlari yoxud meros qoldiruvchining tug‘ishgan amakisi (tog‘asi) yoki ammasi (xolasi) nomidan uning amakivachchalari (tog‘avachchalari) va ammavachchalari (xolavachchalari) ega bo‘ladilar.

Merosni qabul qilib olish huquqining o‘tishi (meros transmissiyasi) Kodeksning 11401-moddasi tartibi asosida amalga oshiriladi.

Xususan, vasiyatnoma bo‘yicha yoki qonun bo‘yicha vorislikka chaqirilgan merosxo‘r meros ochilganidan keyin uni qabul qilib olishga ulgurmasdan vafot etgan bo‘lsa, unga tegishi kerak bo‘lgan merosni qabul qilib olish huquqi uning qonun bo‘yicha merosxo‘rlariga, agar barcha meros mol-mulk vasiyat qilingan bo‘lsa, uning vasiyat bo‘yicha merosxo‘rlariga o‘tadi (meros transmissiyasi). Meros transmissiyasi tartibida merosni qabul qilib olish huquqi bunday merosxo‘rning vafotidan keyin ochilgan meros tarkibiga kirmaydi.

Vafot etgan merosxo‘rga tegishli merosni qabul qilib olish huquqi uning merosxo‘rlari tomonidan umumiy asoslarda amalga oshirilishi mumkin.

Meros qoldiruvchi o‘zining oxirgi xohish-irodasini amalga oshirishiga qasddan to‘sqinlik qilgan va shu orqali o‘zlarining yoki o‘zlariga yaqin shaxslarning vorislikka chaqirilishiga yoxud merosning o‘zlariga yoki o‘zlariga yaqin shaxslarga tegishli ulushi ko‘paytirilishiga imkon yaratgan shaxslar vasiyatnoma bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham meros olish huquqiga ega emaslar.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1119-moddasi qoidalari vasiyat majburiyatiga nisbatan ham qo‘llaniladi. Shuningdek, ushbu qoidalar har qanday merosxo‘rlarga, shu jumladan majburiy hissa olish huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘rlarga ham taalluqlidir.

Ikromjon Toshov,

Buxoro viloyat sudi sudyasi

Aziz Safarov,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumanlararo sudi sudyasi

Otalikni belgilash va aliment undirish haqida

Mamlakatimizda istiqlol yillarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar majmuasida sud-huquq islohotlari, xususan, fuqarolarning huquqiy madaniyati va huquqiy ongini yuksaltirish borasida amalga oshirib kelinayotgan ishlar alohida muhim o‘rin egallaydi.

Yurtimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismonan va ma’naviy barkamol qilib tarbiyalash masalasiga mamlakat istiqbolini belgilovchi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qaralib, qator ijobiy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oilani mustahkamlash, onalik va bolalikni davlat tomonidan muhofaza qilinishi kafolatlangan.

Bugungi kunda, sudlarda otalikni belgilash va voyaga yetmagan farzandlar ta’minoti uchun aliment undirish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha fuqarolik nizolari ancha ko‘paygan.

Bizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 61-moddasiga ko‘ra, bolaning onasi bilan nikohda bo‘lmagan shaxsning otaligi o‘zini bolaning otasi deb tan olgan shaxs va onaning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organiga birgalikda topshirgan arizasiga binoan belgilanadi. Ona vafot etganda, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda, onaning qayerdaligini aniqlash imkoniyati bo‘lmaganda yoki u onalik huquqidan mahrum qilinganda, otalik vasiylik va homiylik organi bilan kelishilgan holda o‘zini bolaning otasi deb tan olayotgan shaxsning arizasiga binoan belgilanadi. Bolaning otasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, otalikni belgilash to‘g‘risidagi arizani uning nomidan vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan uning homiysi berishi mumkin. Otalikni belgilash to‘g‘risidagi ariza bolaning tug‘ilganligini qayd etish vaqtida, shuningdek bola tug‘ilganligi qayd etilgandan keyin ham berilishi mumkin. Agar otalikni belgilash to‘g‘risida bola tug‘ilgandan so‘ng er-xotin birgalikda ariza berishining imkoni bo‘lmay qolishi yoki mushkul bo‘lishini ko‘rsatuvchi asoslar mavjud bo‘lsa, tug‘ilajak bolaning o‘zaro nikohda bo‘lmagan ota-onasi shunday arizani ona homiladorlik vaqtida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga berishga haqli. Otalikni belgilash rad etilganda, o‘zini bolaning otasi deb tan olgan shaxs sud tartibida shikoyat qilishi mumkin.

O‘zaro nikohda bo‘lmagan ota-onadan bola tug‘ilgan taqdirda, ota-onaning birgalikdagi arizasi yoki bola otasining arizasi bo‘lmasa, yuqorida ko‘rsatilgan hollarda otalik sud tartibida belgilanishi mumkin.  Otalikni sud tartibida belgilash ota-onadan birining yoki bolaning vasiysi (homiysi)ning yoxud bola kimning qaramog‘ida bo‘lsa, shu shaxsning arizasiga, shuningdek bola voyaga yetganidan keyin uning o‘zi bergan arizaga muvofiq amalga oshiriladi.  Otalikni belgilayotganda sud bolaning onasi bola tug‘ilishiga qadar javobgar bilan birga yashaganligi va umumiy ro‘zg‘or yuritganligi yoki ular bolani birgalikda tarbiyalaganliklari yoxud ta’minlab turganliklarini yoki javobgarning otalikni tan olganligini aniq tasdiqlovchi boshqa dalillarni e’tiborga oladi.  Bolaning onasi bilan nikohda bo‘lmagan, lekin o‘zini bolaning otasi deb tan olgan shaxs vafot etgan taqdirda uning otalik fakti sud tomonidan belgilanishi mumkin. Otalikni belgilash to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin sud shu qaror nusxasini bola tug‘ilganligi ro‘yxatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuboradi.

Oila qonunchiligiga binoan ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart. Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi. Voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga da’vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir.

Aliment ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadidan bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi, ikki bola uchun – uchdan bir qismi, uch va undan ortiq bola uchun — yarmi miqdorida undiriladi.

Voyaga yetmagan yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga aliment to‘lash haqidagi sudning hal qiluv qarorini bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslar ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Aliment undirish ota-ona uchun ma’qul bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’iy nazar  bolalarning kerakli tarbiya va ta’minot olishlari, sog‘lom ulg‘ayishlari uchun zarur chora-tadbirlardan biri hisoblanadi.

Sarvinoz Qambarova,

Buxoro viloyat sudi sudyasi

Oybek Shomurodov

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudi sudyasi

Skip to content