Суд фаолиятини янада такомиллаштиришда доир чора-тадбирлар

Ҳаммага маълумки, жадал ривожланиб бораётган давлатлар қаторида Ўзбекистон ҳам катта давлатга айланиб бормоқда. Републикамиз шиддат сари иқтисодий, ижтимоий ҳамда сиёсий ривожланиш босқичларини босиб ўтмоқда. Шу ўринда таъкидлаш жоизки, Ўзбекистоннинг аҳолиси кўпаяётганлиги, айниқса ёшлар жамиятимизнинг ярмидан кўпини ташкил этишини инобатга олиб, қонунчилик тизими, қонунчилик нормалари янгидан тартибга солиш эҳтиёжи туғилади. Бу каби муаммолар ечими мустаҳкам ҳуқуқий пойдевори Ўзбекистоннинг янгиланган Конституцияси ҳамда қонунлар ҳисобланади.

Шу ўринда қайд этиш лозимки, суд органларининг одил судловни олиб боришдаги ўрни бу жабҳада беқиёсдир.

Сўнгги йилларда мамлакатимизда суд-ҳуқуқ тизимини янада такомиллаштириш, фуқаро ва тадбиркорларнинг ҳуқуқ ва қонуний манфаатларини ишончли ҳимоя қилиш чораларини кучайтириш, одил судловни самарали таъминлаш ҳамда судьялар ҳамжамияти ролини ошириш бўйича изчил ишлар олиб борилмоқда.

Амалга оширилган ишлар натижасида одил судлов жараёнида инсон ҳуқуқларини ҳимоя қилиш даражаси янги босқичга чиқди.

2025 йилнинг тўртинчи чораги давомида Бухоро вилояти иқтисодий ишлар бўйича судлов ҳайъатининг апелляция инстанциясида 98 та иқтисодий ишлар кўриб чиқилган ва улардан 69 та иш бўйича суд ҳужжатлари ўзгаришсиз қолдирилиб, 18 та иш бўйича қабул қилинган суд ҳужжати ўзгартирилган ва 11 та иш бўйича қабул қилинган суд ҳужжатлари бекор қилинган.

Кассация инстанциясида 54 та ишлар кўриб чиқилган ва улардан 32 та иш бўйича қабул қилинган суд ҳужжатлари ўзгаришсиз қолдирилиб, 9 та иш бўйича қабул қилинган суд ҳужжати ўзгартирилган ва 13 та иш бўйича қабул қилинган суд ҳужжати бекор қилинган.

Тафтиш инстанциясида 39 та ишлар кўриб чиқилган ва улардан 29 таси бўйича суд ҳужжатлари ўзгаришсиз қолдирилиб, 2 та иш бўйича қабул қилинган бўйича суд ҳужжати ўзгартирилган ва 8 та иш бўйича қабул қилинган суд ҳужжати бекор қилинган.

Судлов ҳайъати судьялари томонидан 14 та иқтисодий иш бўйича қонунбузилиш ҳолатлари юзасидан хусусий ажримлар чиқарилган. Жами 61 марта ҳуқуқий тарғибот ишлари амалга оширилган. Қонунлар ва Олий суд Пленуми қарорларининг лойиҳалари юзасидан 6 та таклифлар берилган. Суд  амалиёти бўйича 4 та умумлаштиришлар ўтказилган.

Суд амалиёти обзори натижаларига кўра, биринчи инстанцияси судлари томонидан айрим ишларни кўришда Ўзбекистон Республикасининг Фуқаролик кодекси (бундан буён матнда ФК деб юритилади), Иқтисодий процессуал кодекси (бундан буён матнда ИПК деб юритилади) ва бошқа қонун ҳужжатлари, шунингдек Олий суд Пленумининг қарорларида берилган тушунтиришларга риоя қилмаслик ҳолатларига йўл қўйилаётганлигини кўриш мумкин.

Мазкур камчиликларни олдини олиш мақсадида судларда судьянинг билим ва салоҳиятини мунтазам ошириб боришда доир семинарлар, савол-жавоб шаклидаги тушунтиришлар, йўл қўйилган камчиликларни бартараф этиш юзасидан тарғиботлар ҳамда бошқа тегишли чоралар кўриб келинмоқда.

М.Махсудова

Бухоро туманлараро иқтисодий суди судьяси

А.Раҳматова

Бухоро туманлараро иқтисодий суди судьяси

AYOLLAR VA BOLALAR HUQUQLARI HIMOYASI — DAVLAT SIYOSATINING USTUVOR YO‘NALISHI

2026 yil 3 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan PF-33-sonli “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Farmon mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash borasida yangi bosqichni boshlab berdi.

Mazkur hujjat ayollar va bolalarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, erta nikoh holatlarining oldini olish, oilalarda sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirish hamda tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlikni kuchaytirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Farmonga muvofiq, erta nikohlarning oldini olish va ota-onalarning voyaga yetmagan farzandlari taqdiri uchun mas’uliyatini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Shu bilan birga, moliyaviy jihatdan mustaqil, oila qurishga tayyor yoshlarning nikohini rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etilmoqda. Bu esa jamiyatda ongli va mustahkam oilalarni ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Hujjatda tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish tizimini tubdan takomillashtirish, jabrlangan shaxslarni ijtimoiy, huquqiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash choralarini kuchaytirish ham muhim yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.

Farmon bilan sud-huquq amaliyotiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi qator yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Xususan, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab nikoh tuzish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarimalarning bir qismi ushbu holatlar haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi. Bu esa huquqbuzarliklarni yashirish emas, balki ularni o‘z vaqtida aniqlash va oldini olishga xizmat qiladi.

Shuningdek, erta nikoh va voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi homiladorlik holatlari yuzasidan tegishli organlarga majburiy xabar berish tartibi joriy etilib, bu talabni bajarmagan shaxslar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Mazkur norma profilaktik choralarni kuchaytirish, salbiy holatlarning ildizini barvaqt bartaraf etishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim yangilik — himoya orderi berilgan xotin-qizlar uchun zamonaviy texnologiyalar asosida tezkor yordam tizimining yo‘lga qo‘yilishidir. “SOS” chaqiruv ilovasining joriy etilishi jabrlanganlarning xavfsizligini ta’minlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Farmon bilan jinoyat qonunchiligiga ham qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan og‘ir jinoyatlar uchun jazolar keskin kuchaytirilib, takroriy jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan uzoq muddatli yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi belgilandi. Shuningdek, femitsid, stalking, kiberzo‘ravonlik va onlayn grooming kabi yangi xavfli holatlar uchun ham alohida javobgarlik joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, 2027 yildan boshlab bunday toifadagi jinoyatlarni, qoida tariqasida, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar va sudyalar tomonidan ko‘rib chiqish tartibi joriy etiladi. Bu esa ishlarning yanada sifatli, xolis va inson huquqlariga mos ravishda ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi.

Farmonda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, 21 yoshdan yuqori bo‘lgan shaxslar tomonidan tuzilgan birinchi nikohlar uchun davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar va moliyaviy ko‘maklar sezilarli darajada oshiriladi. Nikoh shartnomasi tuzgan fuqarolarning davlat bojidan ozod etilishi esa oilaviy huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, homilador talaba-qizlar hamda kichik yoshdagi farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan talabalar uchun ta’limni davom ettirish bo‘yicha “ikkinchi imkoniyat” mexanizmi joriy etilmoqda. Bu esa ayollarning ta’lim olish huquqini to‘liq ta’minlashga xizmat qiladi.

Farmon nafaqat javobgarlik choralarini kuchaytirish, balki jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirish, oilani mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilishning zamonaviy, samarali tizimini yaratishga qaratilgan kompleks hujjatdir. Mazkur islohotlar ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgani esa ularning amalda to‘liq ro‘yobga chiqarilishiga xizmat qiladi.

Farrux Qahorov,

jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining sudyasi

Перейти к содержимому