Fuqarolarning murojaat qilish huquqining konstitutsiyaviy asoslarini kengaytirilishi
Konstitutsiyaning yangi tahririda bosh masala sanalgan inson huquq va erkinliklarini yanada kengaytirish, mavjudlarini mazmunan boyitish, huquq va erkinliklarning konstitutsiyaviy kafolatlari, davlat mas’uliyatining kuchaytirilganligi fuqarolarning murojaat qilish huquqi misolida ko‘rsatilgan.
Konstitutsiyani yangilash va yangi tahrirda qabul qilishning bosh maqsadi unda inson huquqlarini ko‘paytirish, yangi huquqlarni mustahkamlash, mavjud huquqlarni mazmunan boyitish, inson huquqlari kafolatlarini va bu borada davlatning mas’uliyatini kuchaytirish edi. Avvalgi Konstitutsiyaning “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” bo‘limida 35 ta modda bo‘lgan bo‘lsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning shu bo‘limi 46 ta moddadan iborat bo‘ldi. Shuningdek, moddalardagi normalar miqdori ham bir necha marta ko‘paytirildi.
Yangi Konstitutsiyaning 20-moddasi uchinchi qismidagi “Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi – degan qoida, to‘rtinchi banddagi “Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak”, shu moddaning oxirgi bandidagi “Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi” – degan normalar mutlaqo yangi konstitutsiyaviy norma bo‘lib, birinchidan, inson huquq va erkinliklari bevosita hech qanday qo‘shimcha ko‘rsatmasiz amal qilishini, ikkinchidan, inson huquq va erkinliklari qonunlar, davlat organlari va o‘zini – o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslarning faoliyati mazmun-mohiyatini belgilaydi. Bu – ular uchun fuqarolarning huquq va erkinliklari ustuvor masala ekanligi va ularning faoliyatiga inson huquq va erkinliklariga munosabatiga qarab baho beriladi, degani.
Davlat organlari va insonlar munosabatida inson manfaati ustuvorligi belgilangan.
Konstitutsiyaning inson huquq va erkinliklariga taalluqli ko‘plab moddalarida shu huquqni ta’minlash, rag‘batlantirish, sharoit yaratish mas’uliyati to‘g‘ridan – to‘g‘ri ko‘rsatib qo‘yilgan. Bu davlatning inson oldida mas’uliyati kuchli belgilanganligini ko‘rsatadi. Bular Konstitutsiyaning 54-moddasida mustahkamlangan “Insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadidir” degan tamoyildan kelib chiqadi.
Bevosita insonning murojaat qilish huquqi yangi tahrirdagi Konstitutsiyada hal qilinganligi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, uchta narsaga e’tibor qaratish zarur. Birinchidan, bunday huquqlarning kengayganligi, ikkinchidan kafolatlarning kuchaytirilganligi, uchinchidan murojaat qilinuvchi organlar soni ko‘payganligi.
Konstitutsiyaning 55-moddasida shunday bir yangi norma belgilandiki, unga asosan “Har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli”. Bu faqat huquq emas, har qanday huquq va erkinlikning kuchli kafolatidir. Bu bilan O‘zbekiston fuqarolarning huquqlari nafaqat milliy institutlar orqali himoya qilinishi belgilangan. Bu tartibning o‘rnatilishi davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarning mas’uliyatini kuchaytiradi, davlatimizning inson huquqlariga qanday munosabatda ekanligiga to‘g‘ri baho berish imkoniyatini vujudga keltiradi. Bunda xalqaro tashkilotlarga murojaat qilish uchun asosiy shart – fuqaro davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lgan bo‘lishi va bu haqda tegishli hujjatlari bo‘lishi kerak..
Shu moddaning oxirgi qismida belgilangan “Har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga egaligi” borasidagi me’yor ham davlat organlari, mansabdor shaxslarning har qanday murojaatga jiddiy yondashuvini keltirib chiqaradi.
Konstitutsiyaning 98-moddasida, O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan
fuqarolari qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekanligi belgilandi. Bu fuqarolarga katta ishonch va imkoniyatdir. Avval fuqarolar tayyorlab e’lon qilingan qonunlarga o‘zlarining e’tirozi, takliflarini berish orqali murojaat huquqini amalga oshirsa, endi o‘zlari bu masalada tashabbusga ega bo‘lmoqda. Murojaat qilish huquqi esa kengaymoqda. Albatta bu huquqdan foydalanish uchun fuqarolarning ongi, bilimi yuqori darajada bo‘lishi kerak. Bu huquqdan ayrim guruhlar ma’lum bir sohalarni rivojlantirishda foydalanishi mumkin. Masalan, tadbirkorlar, tibbiyot xodimlari o‘z muammolarini hal qilishga harakat qilishi mumkin.
Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga alohida e’tibor berilib, mavqei ancha ko‘tarildi. Konstitutsiyaning 21-bobi “Mahalliy davlat hokimiyati asoslari. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari deb nomlandi. Bu fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining davlat hokimiyatidan holi, mustaqilligini konstitutsiya asosda belgilanishidir. Ularning faoliyatiga taalluqli 127-moddaning normalari avvalgi Konstitutsiya normalaridan ikki marta ko‘paytirildi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari avvali Konstitutsiyada ikkita moddada tilga olingan bo‘lsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada bir necha moddalarda qayd qilindi.
Eng muhimi, Konstitutsiyaning 40-moddasida fuqarolar murojaat bilan chiqadigan organlar qatoriga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham qo‘shildi. Ular davlat organlari bilan birga murojaatlarni ko‘rib hal qiluvchi organ sifatida e’tirof etildi.
Bu juda to‘g‘ri bo‘ldi. Chunki asosiy muammolar mahallarda bo‘lib, u yerdagi organ fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridir. Konstitutsiyaning 69-moddasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari fuqarolik jamiyati institutlari tizimiga kiritildi, bu ularning maqomini yuqorilaganligini ko‘rsatadi.
Yangi Konstitutsiyada inson huquqlari kengaydi. Yangi moddalar va normalar belgilandi, murojaat qilish huquqining kafolatlari kuchaydi. Murojaat qilinuvchi organlar soni ko‘paytirildi. Xalqaro tashkilotlarga murojaat qilish huquqi o‘rnatildi. Davlatni huquq va erkinliklarni ta’minlashdagi mas’uliyati kuchaydi.
Aziz Sharipov,
Buxoro viloyat sudi sudyasi
Fayzullo Kadirov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudi sudyasi